Erkak qizni dars paytida chaqirib olib, kafedra xonasida shahvoniy harakatlar qilishga uringan.
Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumanida voyaga yetmagan o‘quvchi qizga shilqimlik qilgan texnikum o‘qituvchisi 5 sutkaga qamaldi. «Daryo» sud hujjati bilan tanishdi.
Hodisa 25-sentyabr kuni texnikumda sodir bo‘lgan. Muassasada ishlab chiqarish ta’lim ustasi bo‘lib ishlovchi erkak o‘ziga biriktirilgan guruhda tahsil oluvchi voyaga yetmagan qizni fizika darsi paytida o‘qituvchidan ruxsat olib, auditoriyadan olib chiqqan. Ular kafedra xonasiga kirgach, erkak o‘quvchini o‘ziga tortib, shahvoniy tusdagi harakatlar qilgan. Shunda qiz qarshilik ko‘rsatib, xonadan qochib, darsga qaytib kirgan.
Darslar tugagandan keyin qiz yotoqxonada dam olayotgan vaqtida begona raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Qo‘ng‘iroq qilgan kishi o‘zini boshqa ism bilan tanishtirib, qizdan sportzalga kelishini so‘ragan. O‘quvchi u yerga borganida xodim turli bahonalar qilib, yana shilqimlik qilgan. Erkakka telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lgan paytda qiz xonadan chiqib qochgan.
O‘quvchi voqea haqida o‘sha kuni hech kimga xabar bermagan.
«Hammaning oldida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqdim. Bundan tashqari, direktorimiz yo‘qligi sababli texnikumdagi boshqa xodimlar bu masalada chora ko‘rishiga ishonmadim. Direktorimiz kelgach, barchasini aytib berdim», deya ko‘rsatuv bergan qiz.
Sudda erkak qizni darsdan chiqarib olganini tan oldi. Lekin u o‘quvchilarga berilmagan oyoq kiyimlar masalasida ota-onalardan ariza yig‘ish bo‘yicha qizdan yordam so‘raganini aytib, shahvoniy harakatlar qilmaganini bildirgan.
Erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismidan (shahvoniy shilqimlik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan. Unga 5 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.