Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 6 yoshli qizaloq vafot etdi. Bu haqda viloyati YHXB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 4 mart kuni Surxon mahallasi hududida 28 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Nexia 2 avtomashinasi yo‘lni chap tomondan o‘ng tomonga yugurib kesib o‘tayotgan 6 yoshli piyodani urib yuborgan. Oqibatda qizaloq olgan tan jarohatlari sabab vafot etgan.
Hodisadan so‘ng viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va tuman ichki ishlar bo‘limi mas’ullari mahalla hududida joylashgan maktabda mahalla faollari hamda o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi. Unda yo‘llarda harakat xavfsizligi, ayniqsa bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, aholi tomonidan bildirilgan muammolar asosida Surxon mahallasi hududida ikkita baland piyodalar o‘tish joyi, maktab yaqinida tezlikni nazorat qiluvchi radar va ogohlantiruvchi yo‘l belgilari o‘rnatildi.
«Davlat ahamiyatiga ega D169 avtomobil yo‘lining 104-kilometrida piyodalar uchun yangi o‘tish joyi tashkil qilinib, yo‘l chiziqlari chizildi va yo‘l belgilari o‘rnatildi. Shu yo‘lning 106-kilometrida joylashgan 27-maktab oldida ham o‘quvchilar xavfsizligi uchun baland piyodalar o‘tish joyi barpo etilmoqda», — deyiladi xabarda.