Suriyaning yangi valyutasini Rossiyaning Goznak aksiyadorlik jamiyati chop etadi, deb xabar berdi Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib.
Suriya funti milliy valyuta sifatida qoladi, lekin inflyasiya bois denominasiya qilinadi va banknotlardan ikkita nol olib tashlanadi, deb yozadi agentlik.
Qayd etilishicha, Suriya delegasiyasi iyul oxirida Moskvaga tashrifi chog‘ida Goznak bilan bitim imzolagan. Jamiyat Suriya uchun banknotlarni prezident Bashar Asad hukmronligi davrida ham chop etgandi.
May oyida Reuters Suriya o‘z valyutasini Rossiya o‘rniga BAA yoki Germaniyada chop etish niyatida ekanligi haqida xabar bergandi.