1990-yillarning o‘rtalarida Koreya Respublikasi jadal iqtisodiy o‘sish bosqichida katta muammo bilan yuzma-yuz keldi: bu — ifloslanish edi. Shaharlarda dimiqtiruvchi tutun paydo bo‘ldi, qishloq xo‘jaligi chiqindilari daryolarga oqib tushdi, shahar hokimliklari esa ortib borayotgan chiqindilar to‘lqiniga duch keldi.
Shundan so‘ng mamlakat ifloslanishga qarshi keng ko‘lamli kurashni boshladi. 1997-yildan 2023-yilgacha qayta ishlash darajasi to‘rt barobar oshdi, poligonlarga yuborayotgan chiqindilar esa 70 foizdan ortiqqa kamaydi. Bu chora-tadbirlarda ayniqsa bir martalik plastik mahsulotlar — plastik ifloslanishning asosiy sabablaridan biri — bilan bog‘liq munosabat butunlay o‘zgartirildi.
Bu yil Koreya Respublikasi 5-iyun kuni nishonlanadigan Butunjahon Atrof-muhit kuni mezboni hisoblanadi. 2024-yilda ushbu kun global plastik ifloslanish inqiroziga barham berishga qaratilgan yechimlarga urg‘u beradi. Quyida esa mamlakatning plastik ifloslanishga qarshi kurashdagi tajribasi va u boshqalar uchun qanday saboqlar bo‘lishi mumkinligi aks etgan vizual ko‘rinishlar taqdim etiladi.
Koreya Respublikasi plastik mahsulotlar uchun mutaxassislar “aylanma iqtisodiyot” deb ataydigan tizimni yaratishga harakat qilmoqda. Bu yondashuv plastik mahsulotlarni qayta ishlashga moslab qayta loyihalash, imkoni boricha ulardan qayta foydalanish, muqobillarini topish va foydalanilgandan so‘ng qayta ishlashni o‘z ichiga oladi. Bu g‘oya mamlakatdagi ko‘plab savdo nuqtalari, jumladan, Jeju maxsus muhtor viloyatidagi “Zero Waste Living Lab” tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ushbu do‘konda yog‘och tish cho‘tkalari va qattiq shakldagi shampunlar taklif etiladi — bu mahsulotlar plastmassa qadoqlarga ehtiyoj qoldirmaydi. Bu kabi do‘konlar xaridorlarga plastik ifloslanishni kamaytirishga yordam beradigan ko‘proq aylanma variantlarni taklif qilmoqda.
Shu bilan birga, Seul shahridagi Xongik universitetida dizayn yo‘nalishidagi talabalar qayta ishlangan plastik materiallar xususiyatlarini o‘rganmoqda. Maqsad — ularni o‘z loyihalarida qayta ishlangan plastikdan foydalanishga undash va plastik mahsulotlarning umrini qanday uzaytirish haqida o‘ylashga o‘rgatishdir.
«Bu kurs ularga dizaynga mas’uliyat bilan yondashish imkonini beradi, mahsulotlarga esa faqat vaqtincha foydalaniladigan narsa sifatida emas, balki barqaror va ekologik ongli yondashuv sifatida qarashni o‘rgatadi», — deydi maktabning Metall san’ati va dizayn kafedrasi o‘qituvchisi Yunjong Choy.
Jejuda ayrim bizneslar dunyo bo‘yicha plastik chiqindilarning eng katta manbai hisoblangan plastik qadoqlarning iste’molini kamaytirish maqsadida idishlardan voz kechmoqda. Shunday kompaniyalardan biri Flowermari bo‘lib, u o‘simlik asosida tayyorlanadigan shaxsiy parvarish mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Ularning qayta to‘ldirish do‘konida mijozlardan o‘z idishlarini olib kelish so‘raladi va shu idishlarga suyuq yuvish vositalari, shampunlar va dush gellarini quyishlari mumkin.
Kompaniya vakili Sojin Lining ta’kidlashicha, ekologik toza tarkiblardan foydalanadigan kompaniya uchun plastik qadoqdan voz kechish mutlaqo ma’qul qarordir.
«Agarda biz sog‘lom mahsulot tayyorlasak ham, agar ularni plastik butilkalarga qadoqlasak, baribir chiqindiga aylanadi. Kompaniya sifatida biz tabiatga yetkaziladigan zararni minimal darajaga tushirishga intilamiz», — deydi u.
Buning yana bir foydasi — mijozlar mahsulotlarni katta hajmda sotib olish orqali taxminan 25 foizgacha tejashlari mumkin.
Jeju viloyatida 1 700 ta xodimsiz chiqindi qabul qilish punktlari (Clean House) tashkil etilgan bo‘lib, ularga aholi belgilangan kunlarda qayta ishlash uchun mo‘ljallangan chiqindilarini tashlashi shart. Shuningdek, 200 ta xodimli markazlar ham mavjud bo‘lib, bu yerda asosan nafaqaxo‘rlar ishlaydi va mahalliy aholiga chiqindilarni saralashda yordam berishadi. Boshlang‘ich saralash jarayoni keyingi qayta ishlashni ancha osonlashtiradi.
Koreya Respublikasi Ekologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Jejuda uy xo‘jaliklaridan chiqqan plastik, qog‘oz, oziq-ovqat va boshqa turdagi chiqindilarning taxminan 66 foizi qayta ishlanadi. Bunga qiyosan, BMTning 2024 yilgi hisobotiga ko‘ra, jahon bo‘yicha qayta ishlash darajasi o‘rtacha 19 foizni tashkil etadi.
Jeju orolida zamonaviy qayta ishlash zavodi ham mavjud. Jeju Resources Circulation Center (Jeju resurslar aylanma markazi) deyarli avtomatlashtirilgan: magnitlar metallni plastikdan ajratadi, maxsus optik tuzilmalar esa yorug‘lik nurlari yordamida plastmassaning tarkibini aniqlab, turiga qarab saralash imkonini beradi.
Markaz boshqaruv xonasida xodimlar zavod ishlash jarayonini kuzatib borishadi. Foto: UNEP
Jeju rasmiylarining aytishicha, bu zavod kuniga 60 tonna plastik chiqindisini qayta ishlaydi va uning katta qismini mahalliy korxonalarga qayta sotadi. Bu daromad oqimi markazni qurish va ishlatish xarajatlarini qoplashga yordam beradi.
«Menimcha, bu inshoot nafaqat ekologik nuqtai nazardan muhim, balki iqtisodiy jihatdan ham juda qimmatlidir», — deydi Jeju viloyati Resurslar aylanma bo‘limi rahbari Ginsik Chon.
Butun Koreya bo‘ylab faoliyat yurituvchi korxonalar Jeju Resources Circulation Center kabi markazlardan kelgan qayta ishlangan plastikdan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan.
Masalan, Seulda joylashgan Lowlit Collective dizayn studiyasi iste’molchilar tomonidan tashlangan plastikni stollar, stullar va o‘qish chiroqlarigacha bo‘lgan turli uy jihozlarini tayyorlashda qo‘llaydi. Ko‘pgina mahsulotlar o‘n yillab xizmat qilishi uchun ishlab chiqiladi.
«Plastik — juda foydali material, muammo esa uni qanday ishlatishimizda», — deydi studiya rahbari Chxoy Jesik. — «Biz narsalarni tashlab yuborishga odatlanganmiz, ammo dizayn bu paradigmani o‘zgartira oladi. Men plastik mahsulotlarning umrini uzaytirishga, insonlar ularni saqlab, ta’mirlab, keyingi avlodga topshirishiga ishonaman».