Bugun 19 fevral, 2026 yil, payshanba

КИР

Go‘zal Adilbabayeva: “Marketing agentligi ochish oson, uni tizimga aylantirish qiyin”

Go‘zal Adilbabayeva: “Marketing agentligi ochish oson, uni tizimga aylantirish qiyin”

So‘nggi yillarda marketing va SMM sohasiga kirayotganlar soni keskin oshdi. Ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yuritish yoki reklama joylash ko‘pchilikka osondek tuyuladi. Ammo marketingni professional boshqaruv tizimiga aylantirish, jamoa qurish va natijani barqarorlashtirish boshqa masala. Marketing strateg va agentlik asoschisi Go‘zal Adilbabayeva bilan suhbat aynan agentlik modeli va professional boshqaruv haqida bo‘ldi.

Go‘zal Adilbabayeva: “Marketing agentligi ochish oson, uni tizimga aylantirish qiyin”

— Ko‘pchilik SMM bilan shug‘ullanadi. Agentlik yuritish nimasi bilan farq qiladi?
— Frilanser ishlaganda siz bitta loyihaga fokus qilasiz va o‘zingiz uchun javobgarsiz. Agentlikda esa siz bir vaqtning o‘zida jamoa, bir nechta mijoz va ularning natijasi uchun mas’ulsiz. Eng katta farq — tizim.
Kreativ qilish mumkin. Post yozish mumkin. Lekin bir nechta loyiha parallel yurayotganda jarayon boshqaruvi bo‘lmasa, sifat tushadi. Agentlik modeli rollar taqsimotini talab qiladi: kim strategiya qiladi, kim kontent yozadi, kim target sozlaydi, kim prodakshnni boshqaradi. Agar har bir bosqichda ichki filtr bo‘lmasa, loyiha tasodifga aylanadi.

— Jamoani qanday boshqarasiz?
— Bizda har bir loyiha auditdan boshlanadi. Sahifa tahlili, auditoriya segmentasiyasi, raqobatchilarni o‘rganish. Shundan keyin strategiya yoziladi. Kontent kalendar oddiy jadval emas — u marketing maqsadi bilan bog‘langan hujjat.
Haftalik brifinglar majburiy. Unda “post chiqdi” emas, “natija berdimi yoki yo‘qmi” degan savol muhokama qilinadi. KPI bor: qamrov, saqlashlar, so‘rovlar, real konversiya signallari. Agar natija past bo‘lsa, kreativ emas, tizim qayta ko‘rib chiqiladi.

Deadline madaniyati ham muhim. Marketingda vaqt omili juda katta rol o‘ynaydi. Kechikkan kampaniya ko‘pincha o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Shuning uchun jamoada mas’uliyat birinchi o‘rinda turadi.

Go‘zal Adilbabayeva: “Marketing agentligi ochish oson, uni tizimga aylantirish qiyin”

— Agentlik qurish jarayonida eng qiyin bosqich qaysi bo‘lgan?
— Eng qiyini — boshida barqarorlik yo‘qligi. Ishni tashlaganimdan keyin bir necha oy loyihasiz qolgan davr bo‘lgan. Bu moliyaviy va psixologik bosim demak.

O‘sha davrda ikkita variant bor edi: yana boshqalar uchun ishlash yoki tizim qurish. Men ikkinchisini tanladim. Avval ichki strukturani yozib chiqdim — mijoz bilan ishlash jarayoni, shartnoma modeli, sifat nazorati mexanizmi. Keyin jamoa yig‘ish boshlandi. Professional agentlik qurishda eng qiyin narsa — to‘g‘ri odamni topish. Hammani ishga olish mumkin, lekin hamma intizom bilan ishlay olmaydi.

— Ichki filtr va sifat nazorati haqida ko‘p gapirasiz. Bu qanday ishlaydi?
— Har bir material ikki bosqichli tekshiruvdan o‘tadi. Birinchi bosqich — texnik va vizual sifat. Ikkinchi bosqich — marketing mosligi. Masalan, vizual chiroyli bo‘lishi mumkin. Lekin agar u noto‘g‘ri auditoriyani jalb qilsa yoki brend pozisioningiga mos kelmasa, foyda bermaydi. Prodakshn jarayonida ham shunday: video estetik chiqishi yetarli emas, u biznes maqsadiga xizmat qilishi kerak.
Marketingda ko‘p xato kreativni maqsaddan ustun qo‘yishda. Aslida esa kreativ — strategiyaning vositasi.

Go‘zal Adilbabayeva: “Marketing agentligi ochish oson, uni tizimga aylantirish qiyin”

— Bugungi kunda marketing nimaga aylandi?
— Marketing endi shunchaki kontent ishlab chiqish emas. Bu ko‘p kanalli boshqaruv tizimi. SMM, inflyuyenser marketing, prodakshn va target reklama bir-biridan alohida ishlamaydi.

Inflyuyenser marketing ham professional bosqichga o‘tyapti. Oldin bir martalik reklama yetarli deb o‘ylashardi. Hozir esa KPI, segmentasiya va monitoring muhim. Bloger menejerlari paydo bo‘lyapti, shartnoma modeli shakllanyapti.

Brend uchun eng katta xavf — nazoratsiz kampaniya. Agar inflyuyenser noto‘g‘ri auditoriya bilan ishlasa yoki kontent sifati past bo‘lsa, reputasion risk paydo bo‘ladi. Shuning uchun professional boshqaruv zarur.

— Premium segmentda ishlash nimasi bilan boshqacha?
— Premium segmentda xato qilish imkoniyati kamroq. Har bir vizual, har bir video brend imijiga ta’sir qiladi. Prodakshn jarayoni ssenariy bosqichidan boshlanadi. Qaysi auditoriya, qaysi segment, qaysi format ishlashi oldindan aniqlanadi. Qisqa muddatli kampaniyalar ham ko‘p uchraydi. Bunday paytda logistika, blogerlar koordinasiyasi va kontent chiqish jadvali bir tizimda ishlashi kerak. Bu jarayonda faqat kreativ emas, operasion boshqaruv ham muhim.

— O‘zbekistonda marketing bozori qayerga ketmoqda?
— Frilanser modeli asta-sekin agentlik modeliga o‘tyapti. Brendlar professional yondashuvni talab qilmoqda. Data-driven kampaniyalar ko‘payadi. Inflyuyenser menejment alohida yo‘nalishga aylanadi.
Marketingni o‘rganayotganlar ko‘p, lekin tizimlashtirish va analitika yetishmaydi. Kelajakda professional filtr kuchayadi: shartnoma, KPI, monitoring va natija.

Go‘zal Adilbabayeva: “Marketing agentligi ochish oson, uni tizimga aylantirish qiyin”

— Siz uchun agentlik yuritish nimani anglatadi?
— Bu tizim qurish degani. Tasodifiy muvaffaqiyat bo‘lishi mumkin, lekin tizimsiz o‘sish bo‘lmaydi. Marketing agentligi ochish oson. Uni professional darajaga olib chiqish esa intizom, strategiya va jamoa boshqaruvini talab qiladi.
Marketing — bu kreativlikdan tashqari, mas’uliyat va boshqaruv san’ati.

Kiritildi: 23:25 02.08.2025. O'qildi: 2152 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!