ChatGPT kabi sun’iy intellekt vositalari internetda axborot izlash usulini tubdan o‘zgartirmoqda. Bu ko‘plab saytlarni trafik, reklama va daromaddan mahrum qilmoqda.
Internetda axborot izlash bo‘yicha an’anaviy tizim o‘zgarmoqda. Google qidiruvi orqali tashrifchilarni jalb qilib kelgan saytlar endilikda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bunga asosiy sabab — foydalanuvchilarning ChatGPT, Perplexity va shunga o‘xshash sun’iy intellekt vositalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot olishni afzal ko‘rayotganidir.
WCCF TECH manbasiga ko‘ra, bu o‘zgarish ayniqsa sayyohlik portallari, axborot saytlari va yangilik agentliklarini qiyin ahvolga solmoqda. Daromadlar kamayib, ba’zi holatlarda xodimlar ishdan bo‘shatilmoqda. Texnik jamoalar sun’iy intellektning asosiy axborot manbasiga aylanayotganini kuzatib, yangi biznes modellarini yaratishga urinishmoqda.
Google kompaniyasi sun’iy intellektga investisiya kiritishni davom ettirmoqda, ammo uning qidiruv tizimi ommaviyligida pasayish kuzatilmoqda. Aksariyat foydalanuvchilar endi Google orqali saytlarga o‘tish o‘rniga, sun’iy intellekt platformalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob olishga o‘tmoqda.
Bunday sharoitda kompaniyalar o‘z strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur. Ya’ni, ularga o‘z sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish yoki daromad manbalarini diversifikasiya qilish talab etilmoqda.
Hozirgi tendensiya matbuot vositalari va onlayn biznes modellarining kelajagi qanday bo‘lishini qaytadan ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.