Bugun 28 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

So‘lim bog‘ga yana bir tup nihol qadaldi. Bu mudofaa vaziri va maktab o‘quvchisi ekkan ko‘chat

A A A
So‘lim bog‘ga yana bir tup nihol qadaldi. Bu mudofaa vaziri va maktab o‘quvchisi ekkan ko‘chat
Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Toshkentning Olmazor tumanidagi 100-, 102- va 106-son maktab-internatida bo‘lib, o‘quvchilar uchun kitoblar jamlanmasini taqdim etdi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.
Kun avvalida har uchala maktabda ham Mudofaa vazirligining 600 dan ortiq harbiy xizmatchilari ishtirokida Mehr ulashib shiori ostida xayriya hashari uyushtirildi. Xalqimizning hashar elga yarashar , degan ibratli naqlini Vatan himoyachilari ham bir el bo‘lib hayotda qayta isbot etishdi. Maktablar bog‘iga ekilgan daraxtlar oqlandi, tagi yumshatildi, anvoyi gullar ekildi, manzarali o‘simliklarga qayta ishlov berildi. Yer sathida ko‘rinib turgan eski daraxt kundalari olinib, ularning o‘rniga yangi mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.
Imkoniyati cheklangan bolalar tarbiyalanadigan bu maskanda hamma o‘z vazifasini bekamu ko‘st, sidqidildan ado etar ekan, beixtiyor ko‘nglida bir ezgulik nuri barq urayotganini his etadi.
Maktab bog‘i va hovlisida yig‘ilib qolgan ancha ishimiz bor edi, deydi Olmazor tumanidagi 100-sonli miya falaji va tayanch harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan bolalar maktab-internati direktori Tohir Matyoqubov. Harbiylarimiz baraka topishsin, erta tongdan kelib, hamma yoqni obod etishdi. Ancha paytdan beri mana ishlarga hech vaqt ajratolmayotgan edik. Bugun harbiy xizmatchilar chinakam ma’noda yurtdoshlarimizga har jabhada o‘rnak bo‘lishayotganini isbotladi. Ko‘z o‘ngimizda bo‘layotgan bu ishlarni kuzatib yana bir narsaga amin bo‘ldim: yurt posbonlari har bir ishni chin yurakdan bajarar ekan, natijasidan ko‘ngillar yorishadi. Bilasiz, bu yer ko‘ngli yarim, ammo orzu-maqsadi olam-olam bo‘lgan murg‘ak bolalar maskani.
... Maktab-internatga kirib kelayotgan mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov bog‘da harbiy xizmatchilar bilan birga ko‘chat o‘tqazayotgan o‘quvchilarni ko‘rib, yo‘lni bog‘ tomon burdi. O‘sib-unib, shirin-shirin mevalar beraman, deb turgan yangi daraxt ko‘chatini tutib turgan o‘quvchi bilan birgalikda bu so‘lim bog‘ga yana bir tup nihol qadaldi. Bu mudofaa vaziri va maktab o‘quvchisi ekkan ko‘chat!
Shundan so‘ng maktab-internat o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, she’r va qo‘shiqlar tinglandi, go‘zal raqslar tomoshasi esa ko‘ngillarga orom baxsh etdi. Ayniqsa, gapirish va eshitish qobiliyati zaif o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan musiqali sahna ko‘rinishi beixtiyor ko‘zlarga yosh qalqtirdi.
Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov o‘quvchilarga kitoblar ulashar ekan, o‘zining ezgu va samimiy tilaklarini ham bildirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonovning eng sevimli 3 kitobi ro‘yxatidan Amir Temurning Temur tuzuklari , Erix Mariya Remarkning Uch og‘ayni va Gabriel Garsiya Markesning Yolg‘izlikning yuz yili kitoblari joy olgan edi.
Manba: uza. uz
Kiritildi: 21:32 01.04.2019. O'qildi: 1570 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!