“Kitobsevar millat” shiori ostida yurtimiz bo‘ylab tashkil etilgan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Bo‘ston tumanidagi 48-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining bir guruh o‘quvchilari Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markaziga taklif qilindilar. Bo‘ston tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sardor Umaraliyev tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir davomida yigit-qizlar ayni dargohda kitobxonlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilganligi barchamizga ma’lum. Shunday ekan, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shish, jumladan, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ularning puxta bilim egallashlariga ko‘maklashish har bir soha vakili uchun muhim vazifadir.
Tadbir doirasida o‘quvchilar kutubxona a’zoligiga qabul qilindi, shuningdek, ziyo maskani ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan viktorina o‘yinlarida ularning bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Shu kuni yigit-qizlar viloyat o‘lkashunoslik muzeyidagi eksponatlar bilan ham tanishdilar. Maroqli tadbirlar yakunida sud raisi tomonidan ularga badiiy adabiyotlar tuhfa qilindi.