Bugun 5 may, 2025 yil, dushanba

КИР

Sudlar faoliyatida “adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etiladi

Sudlar faoliyatida “adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etiladi

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini liberallashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, jinoyat va jinoyat-prosessual qonunchiligida insonparvarlik tamoyillarini kuchaytirishga yo‘naltirilgan ishlarning ko‘lami va miqyosi nihoyatda kengayib, yangi bosqichlarga ko‘tarilib bormoqda.

Ayniqsa, joriy yil 3 sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bu borada navbatdagi qadam bo‘ldi. Mazkur  qarorga muvofiq, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta’minlash, shuningdek, maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari etib belgilandi.

Sudlarda interaktiv xizmatlar turini kengaytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yanada yaxshilaydi.

Birgina misol, Qarorga asosan, 2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etilishi ham belgilangan. Uning yordamida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda yuborishlari hamda manfaatdor shaxslar tomonidan da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish mumkin.

Shuningdek, sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish bilan birga:

- 2021 yil 1 iyuldan boshlab apellyasiya va kassasiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash;

- 2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish;

- 2023 yil 1 yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilishni nazarda tutuvchi 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi ham tasdiqlandi.

Sud – odil sudlovning oliy nuqtasi bo‘lib, huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi qonuniy jarayon hisoblanadi. Sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan bu kabi islohotlar tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish barobarida, ularning odil sudlovga erishishi hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Sardor Suvanov,

Guliston tuman ma’muriy sudining raisi

 

 

 

Kiritildi: 10:16 14.09.2020. O'qildi: 4571 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!