Xitoy Savdo vazirligi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari Pekin va Bryussel o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytdi. Bu haqda 21 iyul, dushanba kuni ma’lum qilindi. Gap 18 iyul kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan tajovuzi munosabati bilan Yevropa Ittifoqida qabul qilingan Moskvaga qarshi cheklov choralarining 18-paketi haqida ketmoqda.
“Evropa Ittifoqining harakatlari Xitoy va YEI rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga ziddir va Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo munosabatlari va moliyaviy hamkorlikka jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi vazirlik vakili Pekinda jurnalistlarga.
Rossiya "soya" flotining 105 tankeri Bryussel cheklovlari ostida qoldi. Rossiya neftining narxi bir barrel uchun 47,6 dollargacha tushirildi. Xitoyning ikkita banki – Heihe Rural Commercial Bank va Heilongjiang Suifenhe Rural Commercial Bank ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu moliya institutlari kriptovalyuta operasiyalari bilan shug‘ullangan, bu esa Moskvaga qarshi sanksiyalar samaradorligiga putur yetkazgan.