Sudandagi inqiroz Ukraina, G‘azo va Somalidagi vaziyatlarning umumlashtirilganidan ko‘ra kattaroq — Norvegiya gumanitar tashkiloti rahbari.
Norvegiya Qochqinlar kengashi (NRK) Bosh kotibi Yan Egeland xalqaro hamjamiyatni Sudandagi keng ko‘lamli gumanitar inqirozga e’tibor bermaslikda aybladi. Sudandagi inqirozning sabablaridan biri 2023 yil aprelidan beri davom etayotgan fuqarolar urushidir. Fuqarolar urushi oqibatida o‘n minglab insonlar halok bo‘ldi va 11 milliondan ortiq odam qochqinga aylandi.
"Jahon hamjamiyatining bunga e’tibor bermayotgani haqiqatan ham g‘alati. Agar biz barchamiz inson hayoti butun dunyoda bir xil qiymatga ega ekanligiga ishonsak, Sudan bizning ro‘yxatimizda birinchi o‘rinda turishi kerak", — deya fikr bildirdi Egeland Sudanga safaridan so‘ng.
Sudanning asosiy qismiga ta’sir qilgan oziq-ovqat inqirozi va ocharchilikka to‘xtalgan Egeland, 24 million kishining hayoti xavf ostida ekanini aytdi.
"Sudandagi inqirozning kuchayishi oqibatlari Yevropa Ittifoqi uchun yangi muammo tug‘dirishi mumkin. Yevropa hali ham 2015 yilda yuz bergan migrasiya inqirozi yana takrorlanishi mumkinligini tushunmayapti", — deya ogohlantirdi Egeland.