Qonunchilikdagi o‘zgarishlar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanib, fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish belgilangan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun qabul qilindi. Qonun mazmun-mohiyati, kiritilgan o‘zgarishlar haqida Navoiy viloyat ma’muriy sudining raisi Akmal Murodov quyidagilarni napirib berdi:
– Mazkur qonunga asosan sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmlari yanada takomillashtirilib, sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibi joriy etildi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab tumanlararo sudlar tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassasiya tartibida, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etildi. Shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida, o‘z navbatida, sudlov ha’ati tomonidan ko‘rilgan ishlarni Rayosatda taftish tartibida ko‘rib chiqish, apellyasiya, kassasiya instansiyasi sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ular tomonidan ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish belgilandi.
Qonun bilan sud qarorlari ustidan kassasiya va taftish tartibida shikoyat qilish muddatlari ham o‘zgartirildi. Xususan, kassasiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida, taftish tartibidagi shikoyat (protest) esa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida beriladigan bo‘ldi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish muddati quyi instansiya sudlari tomonidan ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar o‘tgan bo‘lsa, shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida berilishi mumkin, ya’ni yana qo‘shimcha uch oylik muddat berilishi nazarda tutildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatiga Oliy sud raisining, Bosh prokurorning protesti tegishli shaxslarning murojaati kelib tushgan kundan e’tiboran uch oy ichida, lekin sudlov hay’ati tomonidan ishni taftish tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirmay kiritilishi mumkin.
Sud qarorlari ustidan apellyasiya, kassasiya va taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha, agar iltimosnoma shikoyatni (protestni) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va shikoyat (protest) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari sudya (sud) tomonidan uzrli deb topilgan bo‘lsa, tiklanishi mumkin.
Ishni apellyasiya, kassasiya yoki taftish tartibida ko‘rgan sudning qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi. Oliy sud Rayosatining qarori yakuniy hisoblanadi va uning ustidan shikoyat qilinmaydi, ya’ni protest keltirilmaydi.