Axiosning yozishicha, Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘tgan hafta HAMASga yangi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini yetkazgan.
Unda barcha asirlarni birvarakayiga ozod qilish evaziga to‘liq sulh va Isroilning G‘azo sektorini egallash bo‘yicha operasiyasini bekor qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Isroil o‘z qiynoq lagerlarida saqlanayotgan 2500–3000 nafar falastinlik mahbus va hibsga olinganlarni ozod qiladi. Ular orasida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan yuzlab shaxslar ham bor.
Sulh e’lon qilingach, urushni yakunlash shartlari bo‘yicha muzokaralar darhol boshlanadi. Muzokaralarda Isroilning HAMASni to‘liq qurolsizlantirish talabi va HAMASning Isroil kuchlarini G‘azodan butunlay olib chiqish sharti muhokama qilinadi. Nashr bu haqda Isroil hukumati tarkibidagi bir nechta yuqori martabali amaldorlarga tayanib yozgan.
HAMAS Oq uydan takliflar olganini ma’lum qilib, muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi.