Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer yaqin kunlarda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashib, Rossiya – Ukraina mojarosiga barham berish bo‘yicha kelishuv, jumladan xavfsizlik kafolati mavzusini muhokama qilish niyatini bildirdi.
“Financial Times” gazetasi avvalroq Qirollik hukumati rahbari fevral oyi so‘nggida mamlakat yetakchisi bilan uchrashish uchun AQShga borishi haqida yozgandi.
– Tez orada Prezident Tramp bilan uchrashaman, – deb yozgan Starmer “Telegraph” nashri e’lon qilgan maqolasida. – Umuman, G7 tarkibidagi barcha hamkorlar bilan birga zarur va mustahkam kelishuvni amalga oshirish yo‘lida ishlaymiz. Ukraina muzokara davrasida o‘tirishi shart.
Avvalroq Starmer, agar lozim bo‘lsa, Britaniya o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyorligini ma’lum qilgan.