Bugun 19 noyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

SSV tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishini «sirli mijoz» usulida o‘rganib ko‘rmoqchi

SSV tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishini «sirli mijoz» usulida o‘rganib ko‘rmoqchi

Joriy yil 4 noyabrda Sog‘liqni saqlash vazirining «Sog‘liqni saqlash sohasida «sirli mijoz» institutini joriy etish to‘g‘risida»gi buyrug‘i qabul qilingan. Shuningdek, «sirli mijoz» tomonidan monitoring o‘tkazishning aniq maqsadlari, parametrlari, ob’ektlari va mezonlarini qamrab olgan Nizom ham tasdiqlangan.

SSV matbuot xizmatining bildirishicha, bu turdagi monitoring Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari (zaruratga qarab uning organlari, tashkilotlari va muassasalari) tomonidan tashkil etiladi.

Tadbir jarayonida huquqbuzarliklarni hamda vakolatni suiiste’mol qilishga undovchi usullarni qo‘llash taqiqlanadi.

Ushbu tadbir ma’muriy tartib-qoidalar amalga oshirilishi, sog‘liqni saqlash tuzilmalari va ularning xodimlari tomonidan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishda qonunchilik talabiga rioya qilinishi, xodimlar mahorati va tezkorligi hamda ularning aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini baholash imkonini beradi.

Ma’lumotlarni yig‘ish uchun haqiqiy mijoz ko‘rinishidagi «sirli mijoz»dan foydalaniladi.

«Sirli mijoz» o‘rganishlari nafaqat muassasaga borgan holda, balki telefon qo‘ng‘irog‘i, elektron pochta murojaati va boshqa usullar orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

O‘rganish natijalari tegishlicha rasmiylashtiriladi va aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha dalolatnoma u taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kun davomida Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar huquqbuzarlik holati mavjud bo‘lsa, aybdor xodimning javobgarlik masalasi ko‘riladi, bordi-yu jinoyat alomatlari aniqlansa, materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Vazirlik, o‘z navbatida, fuqarolardan tibbiyot muassasalarida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga duch kelsa, «1203» qisqa raqamiga yoki t.me/ssvantikor_bot telegram botiga murojaat qilishlarini so‘ramoqda. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Kiritildi: Bugun 16:00. O'qildi: 199 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!