Bugun 9 may, 2025 yil, juma

КИР

SSV: Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasi ochildi. Unda vakillarimiz ham qatnashmoqda

SSV: Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasi ochildi. Unda vakillarimiz ham qatnashmoqda

Jeneva... Dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biri... Sayyohu mehmonlarni o‘ziga ohanraboday tortuvchi maskan... Alp va Yura tog‘ tizmalari etagida, Jeneva ko‘li hamda Rona daryosi qirg‘og‘ida joylashgan bu kentning betakrorligi faqat uning so‘lim tabiati, ko‘hna obida va osori-atiqalaridagina emas!

Bu shahar jahon diplomatiyasi markazi hamdir. Xalqaro maydondagi ko‘plab muhim uchrashuv va muloqotlar ayni shu manzilda o‘tkaziladi. Chunki bu yerda 40 dan ziyod xalqaro davlat va 200 dan ortiq nodavlat tashkilotlarning qarorgohlari joylashgan.

Mana, hozir 194 mamlakatning delegatlari — jami 3 ming nafarga yaqin mehmon Jenevada jam bo‘lgan. Bu yerda Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasi ochildi.

Ishtirokchilarning asosiy qismi — sog‘liqni saqlash vazirlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar, korporasiyalar va jamg‘armalarning vakillari. Ular safida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi mamlakatimiz delegasiyasi ham bor.

Qatnashchi davlatlar geografiyasi rang-barang. Ko‘zlangan maqsad esa mushtarak — insoniyat salomatligini saqlash! Yig‘ilish kun tartibidan sayyoramiz aholisi sog‘lig‘i bilan bog‘liq qator global masalalar o‘rin olgan.

Xususan, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini isloh qilish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalar salomatliligi, sil xastaligi bo‘yicha global strategiyalar, favqulodda vaziyatlarda ko‘riladigan choralar hamda sohadagi ilmiy tadqiqot va innovasion yutuqlar muhokama etilishi belgilangan.

Ochilish marosimida, dastavval, sessiya prezidenti, besh nafar vise-prezidenti va qo‘mitalar raislari saylab olindi. Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibi tasdiqlandi.

Navbatda bir qator xalqaro tashkilotlar mas’ullari, sog‘liqni saqlash vazirlari o‘z qutlov so‘zlarini yo‘lladi.

So‘ng Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning onlayn videoma’ruzasi namoyish etildi. Qolaversa, bir qator hukumatlar rahbarlari ham to‘g‘ridan to‘g‘ri translyasiya orqali o‘z fikr-mulohazalari hamda tabriklarini yo‘lladi.

Shundan keyin Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda insoniyat salomatligi va hayotini jiddiy xavf ostida qoldirgan koronavirus pandemiyasi, maymun chechagi (mpox), vabo epidemiyalari hamda boshqa xastaliklarni bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar haqida to‘xtaldi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan ushbu yig‘ilishning asosiy muhokamalari 30 maygacha davom etadi.

Shuningdek, sessiya doirasida sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

Kiritildi: 23:15 21.05.2023. O'qildi: 1824 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!