Bugun 29 avgust, 2026 yil, shanba

КИР

SSV: Dam olish va bayram kunlarida tibbiyot muassasalari uzluksiz ishlaydi

SSV: Dam olish va bayram kunlarida tibbiyot muassasalari uzluksiz ishlaydi

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yurtdoshlarimiz mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini ko‘tarinki ruhda qarshi olmoqda. Shu munosabat bilan 5 kunlik ish haftasidagi xodimlar 4 kun, haftasiga 6 kun ishlaydiganlar ketma-ket 3 kun dam oladi.

Xo‘sh, bu sanalarda mamlakatimiz tibbiyot muassasalari qay tartibda ishlaydi?

Aholi salomatligini asrash, xususan, bayram va dam olish kunlarida tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida alohida shtab tashkil etildi.

Shuningdek, 29 avgust – 1 sentyabr kunlari mamlakatimizdagi tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari hamda hududlardagi 39 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida tibbiyot tizimi xodimlari qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

O‘z navbatida, dam olish va bayram kunlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 200 ga yaqin aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida ham 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi.

29 avgust – 1 sentyabr sanalarida "103" xizmati ham odatiy ish faoliyatini davom ettiradi. Xususan, Respublika tez tibbiy yordam markazining mamlakatimiz bo‘ylab 14 ta hududiy filiali, 189 ta stansiya, 40 ta podstansiya va 1 492 ta tayanch punktida 2 900 dan ziyod tibbiy yordam brigadasi aholi hamda yurtimiz mehmonlaridan kelib tushadigan chaqiruvlar uchun doimiy shay holda bo‘ladi.

Bundan tashqari, bayram kunlari mamlakatimizdagi barcha tug‘uruq va bolalar davolash muassasalari ham uzluksiz ish olib boradi.

SSV Matbuot xizmati.

Kiritildi: 18:07 28.08.2026. O'qildi: 564 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!