"Manchester Siti" Angliya Kubogi chorak finalida "Liverpul"ni tor-mor keltirdi. "Shaharliklar" o‘zlarining prinsipial raqibi darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urdi, Erling Xoland esa xet-trik qayd etdi.
Biroq uchrashuvning asosiy qahramoni faqat norvegiyalik hujumchi bo‘lib qolmadi – ekspertlar "Manchester Siti" himoyachisi Abduqodir Husanovning ishonchli o‘yinini ham alohida e’tirof etishdi. SportsMole nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 22 yoshli markaziy himoyachi uchrashuvning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi.
"Liverpul"ga qarshi bahsda Husanov barcha havodagi kurashlarda va maydondagi to‘rtta yakkakurashda g‘olib chiqdi. Bundan tashqari, uning hisobida to‘rtta to‘pni olib qo‘yish va to‘rtta to‘pni uzoqlashtirish mavjud. O‘zbekistonlik futbolchi, shuningdek, uzatmalarning 93 foizini aniq amalga oshirdi va to‘rt marta jamoasiga to‘pni qaytarib berdi.
Ekspertlar Husanovning Muhammad Saloh bergan zarbani bloklab, "Liverpul" yulduziga "Manchester Siti" darvozasini ishg‘ol qilishga yo‘l qo‘ymagan vaziyatini alohida qayd etishdi.