Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Moliya fakultetida “Sport bizni birlashtiradi!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ushbu uchrashuv universitetda o‘tkazilayotgan kafedra haftaliklari doirasida Moliya va moliyaviy texnologiyalar kafedrasi tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Tadbirda Kurash bo‘yicha 5 karra jahon chempioni, 2 karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan 10 ga yaqin xalqaro turnirlar g‘olibi Muhsin Xisomiddinov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida sportchi o‘zining kurashdagi ilk qadamlari, mashaqqatli tayyorgarlik jarayonlari, yuksak natijalar ortidagi fidoyilik va qat’iyat haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u yoshlar bilan shaxsiy tajribasi asosida muvaffaqiyatga erishish yo‘llari, maqsad sari intiluvchanlik va iroda xislatlari haqida o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi.
Talabalar tomonidan berilgan savollar esa muloqotga yanada mazmun bag‘ishlab, professional sportning o‘ziga xos jihatlari, sog‘lom turmush tarzi, jismoniy va ruhiy tayyorgarlik masalalari yuzasidan batafsil javoblar berildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni yuksak maqsadlar sari ruhlantirish hamda sport orqali milliy g‘urur, vatanparvarlik va jamoaviylik tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat.
Shu bilan birga, bunday uchrashuvlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilib, ularni irodali, qat’iyatli va aniq maqsad sari intiladigan barkamol shaxslar sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan mazkur tadbir talabalarda katta taassurot qoldirib, ular uchun yangi yutuqlar sari intilishda muhim ilhom manbaiga aylandi.
Madinabonu Abdullayeva,
TDIU, katta o‘qituvchisi