Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi o‘z kotibi Ali Larijoniyning halok bo‘lganini rasman tasdiqladi. U Tehronning sharqiy qismidagi Pardis turar joy hududiga Isroil tomonidan amalga oshirilgan aniq avia zarba natijasida o‘ldirilgan. U bilan birga uning o‘g‘li Murtazo va uning idorasi rahbari ham halok bo‘lgan. Larijoniy 28 fevral kuni ayatolla Xomanaiy halok bo‘lganidan keyin mamlakatning amaldagi rahbari sifatida qaralar edi.
Rasmiy tasdiqdan bir necha soat o‘tib, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (KSIR) Isroilning markaziy qismiga ballistik raketalar bilan ommaviy zarba berdi.
Ramat-Gan shahrida (Tel-Avivning sharqiy atrofida) kassetali jangovar qismi bor deb taxmin qilingan raketa turar joy hududiga tushgan.
«Magen David Adom» tez yordam xizmati ikki kishining — taxminan 70 yoshlar atrofidagi er-xotinning halok bo‘lganini tasdiqladi. Yana taxminan 250 kishi parchalardan jarohat olgan.
KSIR ma’lumotiga ko‘ra, hujumda havo mudofaa tizimlarini chetlab o‘tish uchun mo‘ljallangan, ajraluvchi jangovar qismlarga ega «Xorremshexr-4» va «Qadr» raketalari ishlatilgan.
Eron prezidenti Masud Pezeshkian va KSIR qo‘mondonligi bu zarba Larijoniyning o‘ldirilishiga javob sifatidagi «qat’iy va alamli» harakatlarning faqat boshlanishi ekanini ma’lum qildi.