Toshkent shahri, Chilonzor tumanida yashovchi 19 yoshli M.M. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 700.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida yashovchi 16 yoshli T.J. sodir etganligi aniqlangan.
Unga ko‘ra, T.J., jabrlanuvchi M.M. bilan “Telegram” messenjerida tanishib, go‘yoki unga “PUBG” akkauntini sotishi haqida aytib uni aldab, o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank kartasiga oldindan 700.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazdirib olgan va yozishmalarni o‘chirib yuborib, pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, T.J.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.