Bugun 18 mart, 2026 yil, chorshanba

КИР

Soliq qo‘mitasi qarzdorlikni undirishda elektrga to‘lov qilish cheklovi kimlarga qo‘llanilmasligini aytdi

Soliq qo‘mitasi qarzdorlikni undirishda elektrga to‘lov qilish cheklovi kimlarga qo‘llanilmasligini aytdi

Joriy yilning 16 aprelidan boshlab Namangan viloyatida mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha umumiy summasi 1 mln so‘mdan oshgan qarzdorlikni undirish uchun eksperiment tariqasida elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanish joriy etiladi.

Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda elektr uchun balansda pul bo‘lsa ham elektr o‘chiriladi degan mazmunda talqin qilinib, muhokamalarga sabab bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi vaziyat yuzasidan tushuntirish berib, cheklovlar qay tarzda belgilanishi va kimlarga qo‘llanilmasligini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslar bir necha bosqichda ogohlantirilgandan keyin ham qarzdorlikni to‘lamagan taqdirda elektr energiyasi o‘chirilmaydi, balki elektr uchun to‘lovlarni amalga oshirishga vaqtinchalik cheklov kiritiladi.

Cheklov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi toifalariga qo‘llanilmaydi:

• nogironligi bo‘lgan shaxslar (1 va 2-guruh);

• boquvchisini yo‘qotgan oilalar;

• ijtimoiy himoya reestriga kiritilgan fuqarolar;

• qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar.

Qayd etilishicha, Namangan viloyatida bugungi kunda 1 mln so‘mdan yuqori qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslar soni 45,8 ming nafarni tashkil etadi. Bu esa jami 531,2 ming nafar soliq to‘lovchining 8 foizidir.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tizim dastlab joriy yilning 16 apreldan eksperiment tariqasida Namangan viloyatida yo‘lga qo‘yiladi.

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, eksperiment natijalaridan kelib chiqib mazkur tajribani boshqa hududlarda joriy etish yoki etmaslik yuzasidan 2026 yil 1-oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi. Ya’ni, elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi to‘g‘ridan to‘g‘ri barcha hududlarda joriy etilmaydi.

Kiritildi: Bugun 14:15. O'qildi: 429 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!