Hukumatning qisman yopilishi sababli AQSh ma’muriyati tashabbusi bilan federal xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish muammoni hal qilishga yordam bermayapti va Kongressdagi demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi kelishmovchilikni yanada kuchaytirmoqda.
Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.
Nashrning qayd etishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning rejasiga ko‘ra, ishdan bo‘shatish va federal xodimlarni maoshsiz qoldirish bilan tahdid qilish Demokratik partiyani o‘z pozisiyasini yumshatishga va hukumat mablag‘larini tiklash bo‘yicha kelishuvga erishishga majburlash bo‘lgan. Biroq, Oq uyning harakatlari demokratlarning respublikachilardan sog‘liqni saqlash bo‘yicha imtiyozlarni olish va ushbu imtiyozlarsiz yopilishni tugatish bo‘yicha takliflarni qabul qilishdan bosh tortish qarorini kuchaytirdi.
10 oktyabr kuni Oq uyning boshqaruv va byudjet byurosi direktori Rassel Vout AQSh hukumati apparati hajmini qisqartirish boshlanganini tasdiqladi. AQSh ma’muriyati avvalroq Oq uy yopilishdan, jumladan, AQSh ijroiya hokimiyatining turli agentliklari xodimlari sonini yanada qisqartirish uchun foydalanish niyatida ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. Juma kuni 4100 dan ortiq AQSh federal xodimlari ish joylarini qisqartirish haqida xabar oldilar. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, ishdan bo‘shatilganlar 30-60 kun ichida ishsiz qoladilar.
1 oktyabr kuni yarim tunda AQSh federal hukumati mablag‘ yetishmasligi sababli shatdaun e’lon qildi. Bu Kongressdagi hukmron respublikachi va muxolifatdagi Demokratik partiyalar vakillari bir qator xarajatlar, jumladan sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha kelisha olmagani va bir-birini yopilishni qo‘zg‘atganlikda va uni siyosiy maqsadlarda uzaytirishda ayblagani sababli yuz berdi.