Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2023 yilda 21 ta holatda, 2024 yilning o‘tgan davrida 16 ta holatda dori vositalari intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat ro‘yxatiga olinganligi aniqlandi.
Jumladan, “MAGNE B6”, “IMUDON”, “SMEKTA”, “DUSPATALIN”, “ELEVIT” kabi tovar belgilari ostida ishlab chiqariladigan dori vositalarining kontrafakt nusxalari – “Magne B6”, “Nest Imudon”, “Smecta”, “Grand Imudon”, “MER DUSPATANIM”, “ELEMALVIT” ko‘rinishida turli farmasevtika korxonalari nomiga intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Shu sababli Adliya vazirligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ogohnoma kiritilib, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatdan o‘tkazilishida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishini oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi, bunday holatlar takroran sodir etilganda qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.