AQSh prezidenti Donald Tramp 17 aprel kuni Italiya bosh vaziri Jorj Meloni bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt jurnalistlar uchun o‘tkazilgan muntazam brifingda ma’lum qildi.
"17 aprelda prezident Tramp Oq uyga rasmiy amaliy tashrif bilan keladigan Italiya bosh vaziri Jorj Melonini kutib oladi," deb ma’lum qildi u.
Bundan tashqari, Livittning so‘zlariga ko‘ra, 14 aprel kuni Tramp Oq uyda Salvador prezidenti Nayib Bukele bilan uchrashadi. Uning qayd etishicha, AQSh va Salvador yetakchilari, xususan, Tren de Aragua va MS-13 jinoiy guruhlariga qarshi kurashni muhokama qilishadi.