Bugun 23 may, 2025 yil, juma

КИР

Silk Road Samarkand sayyohlik markazi Londondagi O‘zbekiston madaniyati festivalida taqdim etildi

A A A
Silk Road Samarkand sayyohlik markazi Londondagi O‘zbekiston madaniyati festivalida taqdim etildi

Shu kunlarda, 17 va 18 iyun kunlari Londonda, taniqli Tower Bridge ko‘prigi yaqinida O‘zbekiston madaniyati festivali bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu tadbirda mehmonlar sharqona nozu- ne’matlar, mashhur o‘zbek palovi, Markaziy Osiyo ustalarining ko‘p asrlik an’analari bilan, shuningdek, O‘zbekistondagi yangi manzil - Silk Road Samarkand sayyohlik markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Aytish joizki, bu kabi festival Londonda ilk bora o‘tkazilmoqda. Tadbirlar doirasida tumanli Albion aholisi va mehmonlari uchun O‘zbekiston va uni hududlarining boy madaniy merosi, urf-odatlari, milliy taomlari va go‘zal joylari bilan tanishtiruvchi keng qamrovli dastur taqdim etilgan. Festivalga tashrif buyurganlarning e’tiborini ayniqsa milliy taomlar taqdimoti tortdi. Unda O‘zbekistonning taniqli oshpazi Bahriddin Chustiy bir tonna xushbo‘y palov pishirdi, Londonning eng yaxshi o‘zbek oshpazi Muzaffar Sodiqov esa turli xil mazali o‘zbek milliy taomlarini taqdim etdi. Ushbu festival Londondagi o‘zbek diasporasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi va “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan tashkil etildi.

Silk Road Samarkand sayyohlik markazi pavilyoni tadbir mehmonlarining alohida e’tiborini tortdi. Bu yerda ular sayyohlik markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Markazda 8 ta jahon darajasidagi mehmonxonalar va xalqaro kongress-markazi, shuningdek, shinam jamoat joylari, bog‘lar, dam olish va sport maydonchalari, konseptual restoranlar va madaniy inshootlar mavjud. Pavilyon maydonida Silk Road Samarkand markazi vakillarining tashrif buyuruvchilar bilan muloqot qilishi va netvorking uchun qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, u yerda mehmonlar o‘zaro fikr almashishi, kompaniya loyihalari va mehmonxona markazi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ikki kun ichida pavilyonga ko‘plab mehmon tashrif buyurdi.

Bekzod Zufarov, Silk Road Samarkand sayyohlik markazi direktori:

- Londonda birinchi martta o‘tkazilayotgan bunday keng ko‘lamli festivalda ishtirok etish biz uchun katta sharafdir. Umid qilamizki, bu yerda taqdim etilgan zamonaviy Silk Road Samarkand klasterining pavilyoni mehmonlar e’tiborini jalb qiladi va London aholisi uchun qayta-qayta tashrif buyuradigan manzilga aylanadi. Zero, majmuamiz, shubhasiz, mehmonxona xizmatining barcha xalqaro standartlariga javob beradi va ishonchim komilki, Samarqanddagi sayyohlik markazimizda yaratilgan muhit har bir mehmonda katta taassurot qoldiradi.

Festival o‘tkaziladigan joyda turli tanishtiruv sessiyalari ham tashkil etilgan. Masalan, stendlarning birida mashhur Samarqand qog‘ozi, metall, loy va sopoldan nafis idishlar, paxta va ipakdan tayyorlangan matolar ishlab chiqarish haqida hikoya qilinadi. Madaniy dasturda Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkentning mashhur san’atkorlari va didjeylari faol ishtirok etdilar.

Shubhasiz, Londondagi O‘zbekiston festivalining shu ikki kuni mehmonlarda eng yoqimli taassurot qoldirdi va ular O‘zbekistonga tashrif buyurib, u bilan yanada yaqinroq tanishish istagini bildirdilar.

Kiritildi: 20:54 17.06.2023. O'qildi: 2228 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!