Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi, IIV va Bojxona xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar E.N. va A.S. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 50 quti ”Cinnal F 900” dori vositasini 90 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, tadbir davomida A.S.ning boshqaruvidagi avtomashinadan 26 turdagi umumiy bahosi 168 mln so‘mlik dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Zangiota tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro A.S. fuqaro I.YA.ga sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 5 turdagi 242 quti dori vositalarini 215 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.