Bugun 16 dekabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Sidneydagi plyajda otishma uyushtirganlardan biri olti yil oldin ISHID bilan aloqadorlikda gumonlangan — ABC

Sidneydagi plyajda otishma uyushtirganlardan biri olti yil oldin ISHID bilan aloqadorlikda gumonlangan — ABC

Telekanal hujum ijrochilarining shaxsini ochiqladi – Sajid Akrom (ota) va Navid Akrom (o‘g‘il). Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Berkning aytishicha, Sajid Akrom mamlakatga 1998 yilda talabalik vizasi bilan kelgan, 2001 yilda uylanib, oilaviy vizali bo‘lgan va doimiy yashash ruxsatnomasini qo‘lga kiritgan. Uning o‘g‘li tug‘ilgandan Avstraliya fuqarosiga aylangan. Sajid Akrom Avstraliyaga qaysi mamlakatdan kelganiga aniqlik kiritilmagan.

ABC o‘z manbasiga asoslanib, 2019 yilda Avstraliya razvedka xizmati (ASIO) Navid Akromni ISHID terrorchilik guruhiga aloqadorlikda gumonlaganini xabar qilgan. O‘shanda Sidneyda ISHID a’zosi Ishoq al-Matari qo‘lga olinganida u ham so‘roq qilingan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, Akrom ushbu terrorchilik guruhining Avstraliyadagi bo‘limi rahbari hisoblangan Matari bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha birlashgan guruh (JCTT) tergovchilari Sajid Akrom va uning o‘g‘li ISHIDga bay’at qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Otishma sodir bo‘lgan plyajda ularning mashinasidan guruhning ikkita bayrog‘i topilgan, deb xabar bermoqda ABC manbalari.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze razvedka xizmati Navid Akromga birinchi marta 2019 yil oktyabrida qiziqib qolgani va uni keyingi olti oy mobaynida kuzatganini tasdiqlagan. Ammo maxsus xizmatlar u “doimiy tahdid manbayi emas” deb topishgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 14 dekabr kuni Sidneydagi plyajda yuz bergan otishma oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan, ulardan biri otishmani uyushtirgan shaxs. 40 dan ortiq kishi jarohatlangan holda shifoxonalarga yotqizilgan. Hodisa yahudiylarning Hanuka bayrami boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir vaqtida yuz bergan.

Kiritildi: Bugun 16:44. O'qildi: 289 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!