Shanba kuni Shvesiyaning g‘arbiy va janubiy qirg‘oqlarida kuchli dovul sodir bo‘ldi, deya xabar beradi Azertadj.
Nidingen orolida shamol tezligi soatiga 33 metrgacha yetib bordi. Vestra-Gyotaland hududida 3 mingdan ortiq uy elektr ta’minotisiz qoldi, qator tumanlarda daraxtlar qulab tushdi, yo‘llarda uzilishlar yuz berdi, ba’zi yo‘llar vaqtincha yopildi.
Stokgolmda shamol ko‘chadagi kafening tomini uchirib ketdi, Gyoteborgda esa daraxtlar avtoturargohda turgan mashinalar ustiga quladi. Liseberg ko‘ngilochar bog‘ida dovul tufayli attraksionlar yopildi va tashrif buyuruvchilar evakuasiya qilindi. Qutqaruvchilar asosan qulagan daraxtlar bilan bog‘liq 60 dan ortiq qo‘ng‘iroqlarga javob berdilar.
Noqulay ob-havo havo qatnoviga ham ta’sir qildi. Kopengagendagi bitta uchish-qo‘nish yo‘lagi yopildi, bu esa Shvesiyaning SAS aviakompaniyasining Skandinaviya bo‘ylab barcha reyslarining kechikishiga olib keldi.
Shvesiya meteorologiya va gidrologiya instituti (SMHI) ma’lumotlariga ko‘ra, dovul shamollari mamlakatning sharqiy hududlariga yetib boradi, biroq yakshanba kuni shamol kuchi susayishi kutilmoqda, biroq mamlakatning aksariyat hududlarida yomg‘ir davom etadi.