Shvesiya migrasiya qonunchiligini buzgani uchun deportasiya qilingan 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi charter reysi orqali Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelindi. Fuqarolarning vatanga qaytarilishi O‘zbekiston va Shvesiya vakolatli idoralari o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik natijasida amalga oshirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, deportasiya jarayoni doirasida fuqarolarni identifikasiya qilish, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish hamda xavfsiz tashish bilan bog‘liq barcha tashkiliy va huquqiy masalalar qisqa muddatda hal qilingan. Charter reysi orqali yurtga qaytarilgan fuqarolar Toshkentda tegishli tartibda kutib olindi.
Mutasaddilarning bildirishicha, mazkur jarayon ikki davlat o‘rtasida migrasiya sohasidagi amaliy hamkorlikning bir qismi hisoblanadi. O‘zbekiston tomoni xorijda bo‘lib turgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, noqonuniy migrasiya va migrasiya qonunchiligi buzilishining oldini olish bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni izchil davom ettirmoqda.
So‘nggi yillarda Yevropa davlatlarida migrasiya qoidalarini kuchaytirish va noqonuniy yashash holatlariga qarshi choralar keskinlashtirilgani kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan xorijda mehnat faoliyati yoki boshqa maqsadlarda bo‘lib turgan fuqarolarga qabul qiluvchi davlat qonunlariga qat’iy rioya qilish tavsiya etilmoqda.