Bugun 25 dekabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Shumkov Abdumalik Halokovni jangga chorladi

Shumkov Abdumalik Halokovni jangga chorladi

Rossiyalik bokschi Vsevolod Shumkov o‘zbekistonlik Olimpiada va Jahon chempioni Abdumalik Halokovga murojaat yo‘lladi. U 2—13 dekabr kunlari Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati finalida yuz bergan “quloq tishlash” voqeasi bo‘yicha gapirar ekan, Halokov bilan revanshga tayyor ekanligini bildirdi.

“Barcha boks muxlislariga, xususan o‘zbekistondagilarga murojaat yo‘llamoqchiman. Men o‘zbek xalqini juda hurmat qilaman, chunki u yerda meni qo‘llab-quvvatlaydigan ko‘plab muxlislarim va do‘stlarim bor. Menga Halokov bilan revansh jangi taklif qilinganda, ikkilanmasdan rozi bo‘ldim. Hatto raqibimning vatani — Toshkentda ham chempionlikni himoya qilishga tayyorman. Har qanday sharoitda, har qanday joyda chiroyli va ajoyib boks namoyish eta olishimga ishonaman, hech kim g‘alabamga shubha qilmasin. Afsuski, siyosiy sabablarga ko‘ra jamoamiz Halokov oltin medal olgan Olimpiadada qatnashmadi. Hozir esa Jahon chempionatida jamoamiz ishtirok etganida natija butunlay boshqacha bo‘lganini isbotladik. Abdumalik, kel, chiroyli boks namoyish etaylik. Javobingni kutaman”, deydi Shumkov o‘zining Instagram sahifasida.

Avvalroq, Xalqaro boks assosiasiyasi (IBA) Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati final jangiga oid rasmiy ma’lumotni e’lon qilgan edi. −60 kg vazn toifasida o‘tgan Abdumalik Halokov va rossiyalik Vsevolod Shumkov o‘rtasidagi final jangi davomida raqib bokschi o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasining qulog‘ini tishlab olgan edi. IBA xabariga ko‘ra, ushbu holat tasodifiy deb topilgan va jang natijasiga ta’sir ko‘rsatmagan. Shu sababli final bahsining natijasi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Kiritildi: Bugun 19:01. O'qildi: 339 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!