Oq uy AQSh qurolli kuchlariga Venesuela neftining kamida yaqin ikki oylik "karantin"ini ta’minlashga e’tibor qaratishni buyurdi, deb yozadi Reuters manbaga tayanib.
Ismi oshkor etilmagan amerikalik amaldorning so‘zlariga ko‘ra, bu prezident Donald Tramp ma’muriyati Karakasga to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy bosim o‘tkazishga emas, balki iqtisodiy bosimga e’tibor qaratishini anglatadi.
Reuters suhbatdoshining qo‘shimcha qilishicha, amalga oshirilgan sa’y-harakatlar Nikolas Maduro hukumatiga ulkan bosim o‘tkazmoqda va agar Venesuela yon bermasa, yanvar oyi oxirigacha iqtisodiy falokatga duch kelishi mumkin.
Oq uy vakili tomonidan qo‘llanilgan "karantin" atamasi 1962 yilgi Karib inqirozi davridagi iboralarga ishora qiladi, o‘shanda Jon Kennedi ma’muriyati ochiqchasiga urush e’lon qilishdan qochishga harakat qilgan, deya aniqlik kiritdi Reuters.
Dekabr oyida AQSh qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Venesuela nefti ortilgan ikkita tankerni tutib oldi va uchinchi kemani qo‘lga olishga tayyorlanmoqda, deya ta’kidlaydi agentlik. Tramp ma’muriyati Karakasni giyohvand moddalar savdosi va neft daromadlaridan "noqonuniy rejim"ni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanganlikda ayblamoqda.