Ikki kundan buyon «Biz bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!» shoira ostida tashkil topgan «Kinokarvon» Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi.
Loyiha ishtirokchilarining navbatdagi manzili Farg‘ona tumani bo‘ldi. Unda san’atkorlar maktabda aholi bilan uchrashdi. Tadbirda Shoxrux Hamdamov o‘zbek kinosining bugungi kuni haqida aytib o‘tib, yoshlarga maktabning inson hayotidagi o‘rnini alohida ta’kidladi.
«10-15 yil avval qachon maktabni bitiraman deb o‘ylardik. Lekin hozir maktabimizga borsak, vaqt ortga qaytsayu shu maktabda 20 yil qayta o‘qishga ham tayyorman deb o‘ylaymiz.
Ya’ni maktab bizga yoshlikni eslatsa, o‘quvchilik davri esa kelgusi hayotimiz uchun tramplin bo‘ladi. Axir hozir harakat qilsa bas. Nimaiki niyat bo‘lsa, hammasiga erishish mumkin. Bu o‘zimdan misol. Hozirgacha barcha maqsadlarimni barchasiga erishdim.
Yaqinda xabar o‘qidim. Yaponiyada bir inson million dollarini maktabga qoldirmoqchi bo‘libdi. Undan nega hamma boyligingni maktabga pul beryapsan deb so‘rashsa, «men kelajakka pul tikyapman», debdi. Buni aytishimni sababi, investisiyalarni qayerga tikish kerakligi haqida», dedi aktyor.