Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Pxenyanga tashrifi chog‘ida hamrohlik qilgan delegasiya a’zolari muzokaralar xonasidan chiqarib yuborildi. Putinning mulozimlari zalga Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Indan oldin kirib, muzokaralar stoli atrofini egallab olgani KXDR protokol xizmatini g‘azablantirgan. Kutilmagan holat Shimoliy Koreya davlat matbuoti va Rossiya kanallari orqali jonli efirda namoyish etilgan.
Videotasvirlarda birinchi bo‘lib Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov muzokaralar stoliga o‘tirgani hamda nimaningdir ifloslanganidan shikoyat qilgani aks etgan. Keyin uning yoniga bosh vazir o‘rinbosarlari – Denis Manturov va Vitaliy Savelyev kelib o‘tirgan.
Shundan so‘ng xonaga Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak, Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko va Roskosmos rahbari Yuriy Borisov qadam ranjida qilgan.
Shu lahzada Shimoliy Koreya rasmiysining "To‘xtang", degan ovozi yangragan va u vazirlardan darrov yig‘ilish xonasini tark etishni talab qilgan. "Bu yerga bizning rahbarimiz Kim janoblari birinchi bo‘lib tashrif buyurishi kerak", – degan u.
Putinning vazirlari esa jonli efirda sodir bo‘lgan voqeadan asabiylashgan. Ular "bu haqda ertaroq ogohlantirilmaganidan" norozi bo‘lgan.
"Avval bizga shoshilishimizni aytasiz, keyin esa...", – deya vazirlar o‘z e’tirozlarini bildirgan.
Translyasiya to‘satdan bo‘shab qolgan konferensiya zalining tasvirlari bilan davom etgan. E’tiborlisi, o‘zaro tushunmovchilikdan so‘ng boshlangan Kim va Putinning muzokaralari natijasida ikki davlatning o‘zaro mudofaa bandini o‘z ichiga olgan strategik shartnoma imzolangan va Putin buni "katta yutuq" deb atagan.