Bugun 13 sentyabr, 2024 yil, juma

КИР

Shifoxonalarga murojaatlar soni 19,1 foizga kamaydi

Shifoxonalarga murojaatlar soni 19,1 foizga kamaydi

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan aholini birlamchi bo‘g‘inda stasionar davolash tizimi takomillashtirildi.

🏥 Ta’kidlash joizki, avvalari birlamchi bo‘g‘in muassasalaridagi kunduzgi shifoxonalardan yetarlicha foydalanilmas edi. Ba’zi oilaviy poliklinikalarda kunduzgi stasionar uchun xona yetishmasa, boshqalarida turli sabablar bilan shifo o‘rinlari tashkil etilmagandi.

✅ Bugungi kunga kelib, respublikamizdagi oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi kunduzgi stasionarlarda 19,3 mingta kunduzgi shifo o‘rni tashkil etilgan. Bunda imkoniyatlardan kelib chiqqan holda oilaviy shifokor punktlarida 6 tagacha, oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda 20 tagacha kunduzgi shifo o‘rinlari yaratilgan. Ularda ishlaydigan tibbiyot xodimlari ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanishi yo‘lga qo‘yildi.

🕗 Kunduzgi stasionarlarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish vaqti 13:00 dan 20:00 gacha uzaytirilgani ularning ish faoliyatidagi asosiy yangiliklardan biri bo‘ldi.

📉 Qolaversa, xuddi shu yangi tizim orqali 558 ming nafar bemorga oilasidan ajralmagan holda davolanish imkoniyati yaratildi va natijada shifoxonalarga murojaatlar 19,1 foizga kamaydi.

❓Kunduzgi stasionarlarda o‘zi kimlar davolanishi mumkin?

😷 Bu muassasalarda davolanish uchun o‘tkir, surunkali kasalliklarning remissiyasi yoki subremissiyasi davridagi, reabilitasiya va sog‘lomlashtirish muolajalariga muhtoj bo‘lgan bemorlar oila shifokori yoki tor soha mutaxassisi yo‘llanmasi asosida yuboriladi.

💊 U yerda muolaja olayotganlar vrach va hamshiraning doimiy nazoratida bo‘ladi. Bemorlarga kafolatlangan paket doirasida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, dori vositalari bepul taqdim etiladi.

💉 Masalan, bemorlar kunduzgi stasionarlarda tegishli laboratoriya va diagnostika tekshiruvlaridan o‘tishi, fizioterapiya, infuzion terapiya, reabilitasion muolajalar kabi tibbiy xizmatlardan foydalanishi mumkin.

🏢 Bir so‘z bilan aytganda, bugun birlamchi bo‘g‘indagi takomillashgan kunduzgi stasionarlar bemorlarning vaqti va mablag‘ini tejab, ularga tunu kun sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatadigan o‘ziga xos kichik shifoxona bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kiritildi: 10:01 16.07.2024. O'qildi: 616 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!