AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar armiyasi narkotik savdosiga qarshi harbiy kampaniyani kengaytirishini va Lotin Amerikasida quruqlikdagi nishonlarga zarbalar bera boshlashini ma’lum qildi.
Juma kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp AQSh allaqachon dengiz orqali olib kirilayotgan narkotiklar oqimining 96 foizini to‘xtatganini ta’kidladi.
«Biz suv orqali kelayotgan narkotiklarning 96 foizini to‘xtatdik va endi quruqlik orqali yetkazib berishga qarshi shunga o‘xshash choralarni boshlayapmiz. Quruqlikda bu ancha oson va bu amalga oshiriladi», — dedi Tramp.
Prezident operasiya tafsilotlarini ochiqlamadi. U zarbalar qachon va qayerda boshlanishini aniq aytmadi.
Avvalroq Tramp Venesuela hududidagi quruqlik nishonlariga ehtimoliy zarbalar haqida ogohlantirgan edi. Bu bayonotlar AQSh tomonidan boshi uchun mukofot e’lon qilingan Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga bosim o‘tkazish shakli sifatida baholangan.
Endi esa Tramp operasiya mintaqaning boshqa davlatlariga ham ta’sir qilishi mumkinligini bildirdi.
«Bu albatta Venesuelada bo‘lishi shart emas. Mamlakatimizga narkotik olib kirayotgan odamlar nishon hisoblanadi», — dedi u.
Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar narkotiklarni ortiqcha iste’mol qilish oqibatidagi o‘limlar jang maydonidagi yo‘qotishlar kabi hisoblanganida, bu «o‘xshashi yo‘q urush» bo‘lar edi.
Sentyabr oyi boshidan beri AQSh harbiylari Tramp farmoyishiga ko‘ra Karib dengizi va Tinch okeanida narkotik savdosida gumon qilingan kemalarga qarshi operasiya olib bormoqda. Zarbalari natijasida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Suvdan qutqarib olingan tirik qolganlar Lotin Amerikasi davlatlariga deportasiya qilingan.
29 noyabr kuni Tramp Venesuela ustidan havo hududi yopilganini e’lon qildi. Shundan sal oldin mamlakat qirg‘oqlariga AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining zarba guruhi, jumladan USS Gerald R. Ford aviatashuvchisi yetib kelgan edi. Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, Venesuela qirg‘oqlari yaqinida sanksiya ostidagi tankerlarni qo‘lga olishni boshladi.