Toshkent shahrida Tashqi ishlar vazirligi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda vazir birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
Ilhom Ne’matovning ma’lumot berishicha, Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federasiyasiga tashrifi 2020 yil iyun oyining ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadi.
“Tashrifga yaxshiroq tayyorlanish maqsadida uni iyun oyining ikkinchi yarmida o‘tkazishga kelishib oldik”, - dedi Ilhom Ne’matov.
Tashrif davomida 88ta tadbir bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ular plenar forum, ta’lim forumi va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga olgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 5 fevralida O‘zbekiston prezidentining Moskvaga tashrifi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi. Ammo keyinroq bu tashrif noma’lum muddatga qoldirilgandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 fevral kuni Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Muloqot chog‘ida oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilingan. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi kun tartibini tayyorlash, jumladan, tashrif doirasida navbatdagi hududlar va rektorlar anjumanlarini, media-forum va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilgan.