Qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning og‘irini yengil qilishga qaratilishi kerakligi ta’kidlandi.
Masalan, yurtimizda aholi soni yiliga qariyb 1 millionga oshmoqda. Bu – yangi uy-joylarni ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Lekin dehqonchilik uchun zarur yerlar uy-joy qurishga berib yuboraverilsa, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima bo‘ladi, degan savollar dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, aholi va keng jamoatchilikning fikrini o‘rganib, eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovasiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kerakligi ta’kidlandi.
So‘nggi paytlarda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi o‘rtasida nizolar uchrayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarimizning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligi qayd etildi.