Ozarbayjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim bo‘yicha 29-konferensiyasida qatnashishi lozim bo‘lgan Isroil prezidenti Isaak Gersogning tashrifi nega qoldirilgani ma’lum bo‘ldi.
Avvaliga Isroil nashrlari mamlakat prezidentining Bakuga tashrifi «xavfsizlik yuzasidan» qoldirilganini yozdi. Shanba kuni kechqurun esa Isaak Gersogning COP29 yig‘ilishiga borolmaganiga sabab, rasman «xavfsizlik yuzasidan» ekanligi aytildi.
Biroq, Yedioth Ahronot gazetasi Ozarbayjon TIVdagi manbalariga tayanib, tashrif bekor bo‘lishiga asosiy sabab Isroil prezidentiga tegishli «Sion qanoti» samolyotining Turkiya havo hududiga kiritilmagani haqida xabar qildi.
Ozarbayjonda hukumatga yaqinligi bilan mashhur bo‘lgan Caliber News xabarini o‘rgangan Isroilning Yedioth Ahronot gazetasi, Ozarbayjon rasmiylarining xabarni o‘zlariga tasdiqlaganini ma’lum qilgan.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligining yuqori martabali xodimi Caliber News'ga bergan intervyusida Gersog tashrifining bekor qilinishi xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lmagani, aksincha, bu rasmiy Anqaraning Gersog o‘tirgan samolyotga o‘z havo hududidan foydalanishiga ruxsat bermagani bilan bog‘liqligini aytdi.
«Afsuski, diplomatik kanallar orqali bir necha kun davom etgan qizg‘in muzokaralar natija bermadi. Ozarbayjon iqlim bo‘yicha konferensiyada barcha tomonlarning ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratdi, biroq Isroil prezidentining tashrifi bilan bog‘liq vaziyat bizning mamlakatimizga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yuzaga keldi», – degan nashr manbasi.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin Turkiya prezidenti yahudiy davlati bilan barcha aloqalarni uzgani va ularni tiklashga urinmasligini aytgandi.