Bugun 28 noyabr, 2025 yil, juma

КИР

Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi

27 noyabr kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Gresiya Respublikasidan Paraskevi Seveleki, Indoneziya Respublikasidan Siti Ruhayni Juxayatin, Latviya Respublikasidan Girts Yaunzems, Fransiya Respublikasidan Valid Fuk, Rossiya Federasiyasidan Aleksey Yerxov, Yaponiyadan Kendzi Xirata va Tojikiston Respublikasidan Nasriddin Ismatullodan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonda o‘z missiyasini boshlayotgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini samimiy tabrikladi.

Hozirgi beqaror davrda, butun dunyoda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar keskinlashib borayotgan bir paytda diplomatlarning ishi tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

– Sizlar bir necha oydan buyon yurtimizda bo‘lib, bugungi kunda mamlakatimiz qanday jadal o‘zgarishlar ruhi bilan yashayotganiga va jahon diplomatiya markazlaridan biriga aylanib borayotganiga shaxsan guvoh bo‘lyapsiz, – dedi Prezidentimiz.

Xususan, joriy yilda Toshkent xalqaro investisiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishi, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Xalqaro iqlim forumi, YUNESKO Bosh konferensiyasining tarixiy sessiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyusiyasi qabul qilindi.

Bu yil mamlakatimiz Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 19 pog‘onaga ko‘tarildi va oxirgi 10 yil ichida eng yuqori natijalarga erishgan beshta davlat qatoriga kirdi. Keyingi sakkiz yilda iqtisodiyotimiz ikki baravardan ko‘proqqa oshdi. Kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha pasaydi.

Ochiqlik siyosati natijasida qariyb 100 ta mamlakat uchun vizasiz rejim joriy etildi. Eksport geografiyasi doimiy ravishda kengayib bormoqda. Bu yil tashqi savdo aylanmasi tarixda birinchi marta 66 milliard dollardan oshdi. Jalb qilingan xorijiy investisiyalar hajmi 39 milliard dollarga yetdi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga alohida minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz Gresiya Respublikasi elchisiga murojaat qilar ekan, ushbu mamlakat O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi an’anaviy va istiqbolli sheriklaridan biri ekanini ta’kidladi.

Joriy yilda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Aprel oyida Toshkentda Gresiya elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi.

Yil boshidan beri o‘zaro savdo hajmi 5 baravar oshdi. Farmasevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, energetika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Yaqin fursatda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va O‘zbekiston – Gresiya biznes forumining samarali bo‘lishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Indoneziya Respublikasi bilan munosabatlar haqida gapirar ekan, Prezidentimiz xalqlarimizni azaldan tarixiy, diniy va madaniy aloqalar bog‘lab turganini ta’kidladi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan 60 foizga oshgani ta’kidlandi. Kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, telekommunikasiya va turizm sohalarida qo‘shma korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Dekabr oyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Kelgusi yili Toshkentda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumi hamda Jakartada siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilishi salmoqli natija berishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari Latviya Respublikasi bilan munosabatlarni muhokama qilish chog‘ida siyosiy va iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotgani, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashganini ta’kidladi.

So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonning Latviyaga eksporti va qo‘shma korxonalarning soni uch baravar oshdi. Mamlakatimizda Latviya Investisiyalar va taraqqiyot agentligining vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.

Yaqinda Rigada O‘zbekiston madaniyati kunlari va Rektorlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Migrasiya sohasida kelishuv imzolanishi, aviaqatnovlar ko‘payishi va iqtisodiy hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish ikki mamlakat xalqlari yanada yaqinlashishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Prezidentimiz Fransiya Respublikasi haqida so‘z yuritar ekan, faol siyosiy muloqot tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. O‘tgan oyda Strategik rejalashtirish guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning mart oyida Parijga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif davomida 10 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishib olindi. Yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard dollardan oshdi.

Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2030 yilgacha hamkorlik dasturi tasdiqlandi. O‘zbekiston – Fransiya qo‘shma universiteti ochildi.

Bu yil Parijda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlari va turizm salohiyati ko‘rgazmasi xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Kelgusi yilda O‘zbekiston – Fransiya investisiya kengashining birinchi yig‘ilishi va Hududlararo forumni o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Rossiya Federasiyasi – O‘zbekistonning uzoq yillik strategik hamkori va ittifoqchisi.

O‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi 12 milliard dollarga yaqinlashdi. Mamlakatimizda Rossiya sarmoyasi ishtirokida 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Yil boshidan buyon 4 milliard dollarlik investisiyalar o‘zlashtirildi. Rossiyaning 15 ta oliy ta’lim muassasasining filiallari samarali faoliyat yuritmoqda.

Joriy yil Parlamentlararo komissiya yig‘ilishi, “INNOPROM” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi, Hududlar rahbarlari kengashi, siyosiy maslahatlashuvlar, Rektorlar forumi, Rossiya madaniyati kunlari va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.

Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishini samarali o‘tkazish, hududlararo muloqotni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Yaponiya bilan strategik sheriklikni kengaytirish – tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri.

O‘zbekistonda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) va Nagoya universitetining vakolatxonalari samarali faoliyat yuritmoqda.

Telekommunikasiya, energetika, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, ta’lim va turizm sohalarida 8 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishi avgust oyida, o‘tgan oy esa Samarqandda Rektorlar forumi bo‘lib o‘tdi. Osakada “Expo-2025” ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Milliy kuni muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Keyingi oy Tokioda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralar va ishbilarmon doiralarning muloqotlari ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.

Umumiy siyosiy iroda tufayli so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

Chegara masalalari to‘liq tartibga solindi va transport aloqalari tiklandi. Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlik kuchaydi.

O‘zaro savdo 5 barobardan ziyodga oshib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi. “Oybek-Fotexobod” erkin chegaraoldi savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazining tashkil etilishi tovar ayirboshlashni karrasiga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Sanoat, transport, geologiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi, turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun salohiyat borligi qayd etildi.

Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi, hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy sektor vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.

O‘z navbatida, xorijiy diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish uchun professional tajribasi va bilimlarini to‘liq safarbar etishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Kiritildi: 17:45 27.11.2025. O'qildi: 404 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!