Bugun 27 aprel, 2025 yil, yakshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Vyetnam bilan vizasiz rejimni muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev Vyetnam bilan vizasiz rejimni muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Vyetnam Milliy majlisi Raisi Chan Txan Man boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat avvalida delegasiya rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Vyetnam Kommunistik partiyasi Bosh kotibi To Lam, Prezidenti Luong Kuong va Bosh vaziri Fam Min Tinning salomini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Vyetnam o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investisiya sohalarida yanada rivojlantirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

Hukumatlararo va idoralararo muloqotlarga tizimli tus berish zarurligi qayd etildi. Joriy yilda Xanoy shahrida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Yangi loyihalarni ilgari surish uchun energetika, geologiya, neft-kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperasiyasi bo‘yicha kompleks dastur tayyorlashga kelishib olindi.

Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan vizasiz tartibni joriy qilish orqali rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘shma tashabbuslarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida parlamentlararo muloqotni faollashtirishga ahdlashib olindi.

Kiritildi: 08:23 08.04.2025. O'qildi: 994 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!