Bugun 16 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Farrux Zokirovga «Buyuk xizmatlari uchun» ordenini topshirdi

Shavkat Mirziyoyev Farrux Zokirovga «Buyuk xizmatlari uchun» ordenini topshirdi

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida milliy estrada san’atining yorqin namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyandalari, ijodkor ziyolilar, «Yalla» ansambli a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zga chiqib, Farrux Zokirovni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy qutladi, unga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va yangi-yangi ijodiy yutuqlar tiladi.

Ta’kidlanganidek, Zokirovlar sulolasi ko‘p yillardan buyon milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atimizning rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirov asos solgan san’at maktabi, milliy o‘zbek estradasi asoschilaridan biri Botir Zokirovning boy ijodiy merosi xalqimizning ulkan ma’naviy boyligi sifatida yuksak qadrlanadi.

Butun bir oila va avlodning o‘z umrini san’at va madaniyat ravnaqiga bag‘ishlashi dunyoda kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida qayd etildi. Farrux Zokirov ana shu ulug‘ an’analarni munosib davom ettirib, milliy estrada san’atini yangi bosqichga olib chiqqan san’atkor sifatida e’tirof qilindi.

Tadbirda Farrux Zokirov nafaqat xalqimiz, balki butun Markaziy Osiyo, Hamdo‘stlik mamlakatlari va turkiy ellarning sevimli san’atkori ekani ta’kidlandi. Uning O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti degan faxriy unvonlar bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Tatariston, Boshqirdiston va Ingushetiya xalq artisti degan yuksak unvonlarga sazovor bo‘lgani uning ijodiga berilgan katta baho sifatida qayd etildi.

Bugun Farrux Zokirov deganda «Yalla» ansambli, «Yalla» deganda esa Farrux Zokirov siymosi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Mana 55 yildirki, ushbu mashhur jamoa nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning nufuzli sahnalarida ham go‘zal qo‘shiqlar kuylab, millionlab muxlislar mehrini qozonib kelmoqda. «Yalla» ansambli jamoaviy estrada ijrochiligini yo‘lga qo‘yib, yurtimiz san’ati va madaniyati tarixida butunlay yangi sahifa ochdi. Bugun xalqimizning bayramlari, muhim tadbirlari va qutlug‘ ayyomlarini ushbu ansambl ijrosidagi qo‘shiqlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Tadbirda «Yalla» ansambli a’zolari Javlon To‘xtayev, Abbos Aliyev, Temur Xalikov va Igor Xalikovning ham ko‘p yillik samarali faoliyati e’tirof etildi.

Davlatimiz rahbari Farrux Zokirovning yurtimiz ijtimoiy-madaniy hayotidagi faol ishtirokiga ham alohida to‘xtalib, uning yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularni katta sahnalarga olib chiqayotgani, «Ovoz» kabi yirik loyihalar orqali yangi iste’dodlarga san’at sirlari va sahna madaniyatini o‘rgatayotgani barcha uchun haqiqiy ibrat ekanini ta’kidladi.

Mintaqa ijodkorlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tayotgani qayd etildi. Shuningdek, davlatimiz Farrux Zokirov kabi san’at darg‘alarining xalqaro ijodiy loyihalari va yangi asarlarini hamisha qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Farrux Zokirovga «Buyuk xizmatlari uchun» ordenini topshirdi

Tantanada Farrux Zokirovning ko‘p yillik samarali mehnati, milliy madaniyatimiz va san’atimizni rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona xizmatlarini munosib taqdirlash maqsadida Prezident tomonidan alohida farmon va qaror imzolangani e’lon qilindi.

Xususan, Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi.

Ushbu maktabda «Yalla» nomidagi bolalar ansambli, yoshlar ijodiy laboratoriyasi, zamonaviy ovoz va video yozish studiyasi tashkil etiladi. «Ustoz-shogird» an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorati sinflari yo‘lga qo‘yiladi, ustoz ijodkorlarning oyligiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Maktabda a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilar uchun ixtisoslashgan san’at va madaniyat ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha alohida imkoniyatlar yaratiladi. Har yili respublika hududlaridan iqtidorli o‘quvchilar mazkur maktabda o‘z mahoratini oshirib boradi. Byudjet hisobidan iqtidorli o‘quvchilar ustozlari bilan birga nufuzli xalqaro ko‘rik-tanlovlarga yuboriladi va munosib rag‘batlantiriladi.

Tadbirda ushbu ta’lim dargohi yurtimizdagi eng namunaviy maskanlardan biriga aylanib, Zokirovlar sulolasi yaratgan bebaho ijodiy merosni kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tantanali marosimda Prezidentimiz milliy san’atimiz va madaniyatimizni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik beqiyos xizmatlari uchun Farrux Zokirovga «Buyuk xizmatlari uchun» ordenini topshirdi.

Kiritildi: 22:25 15.04.2026. O'qildi: 381 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!