Bugun 2 dekabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 dekabr kuni eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston 2030 yilga qadar eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan. Mazkur ko‘rsatkichga erishish uchun an’anaviy bozorlar bilan cheklanmasdan yuqori marjali yangi bozorlarga chiqish zarur.

Bu borada tashqi bozorlardagi yetakchi iste’mol segmentlari va yuqori talabga ega mahsulotlar bo‘yicha chuqur tahlil olib borildi. Natijada qurilish materiallari, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, maishiy kimyo, mashinasozlik va metallarga oid yo‘nalishlarda eksportni yanada oshirish uchun mamlakatimizda katta zaxira hamda imkoniyat borligi aniqlandi.

Shu munosabat bilan taqdimotda istiqbolli bozor hisoblangan mamlakatlar bilan imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirib, eksport-import hajmi o‘sishiga mos ravishda chegara o‘tkazish punktlari infratuzilmasi va quvvatini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilar mahsulotlarimizning tashqi bozorlarda egallagan o‘rni, talab yuqori bo‘lgan tovar turlari, xorijiy sheriklar bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari hamda eksportni diversifikasiya qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish, yangi bozorlarni ochish va tashqi savdo mexanizmlarini soddalashtirish topshirildi.

Bugungi kunda 81 ta davlat idorasi tomonidan tadbirkorlarga 739 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Lekin 576 turdagi xizmatlar tarqoq holda ko‘rsatilgani uchun tadbirkorlar hujjat yig‘ib, idorama-idora sarson bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun 17 ta bosqichdan o‘tish, 10 ta idoraga borish kerak.

Shu bilan birga, buxgalteriya, soliq, eksport va sertifikatlash bo‘yicha konsalting xizmati ko‘rsatadigan yagona xususiy servis maydoni mavjud emas. Bunday xizmatlarni banklar, sug‘urta kompaniyalari, birja, brokerlar va logistika operatorlari, biznes ta’limi va trening dasturlari bilan integrasiya qilish mumkin.

Taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan “Biznes hamroh” markazlarini ochish taklif qilindi.

Rejaga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan markazlarda barcha davlat va xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida bir joyda, yagona elektron platforma orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirkorlarning murojaatlariga tunu kun javob beradigan “koll-markaz” ham tashkil etiladi.

Prezidentimiz taklifni ma’qullab, markaz tadbirkorlik sub’ektini tashkil etishdan tortib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tayyor mahsulotlarni sotish va eksport qilishgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olishi zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.

Kiritildi: 17:37 01.12.2025. O'qildi: 375 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!