Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev: 5 yil ancha og‘ir yil bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev: 5 yil ancha og‘ir yil bo‘ldi

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi uchrashuvlaridan o‘n birinchisi 13 oktyabr kuni Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tmoqda. O‘zLiDep tomonidan Navoiy shahrida yangi ochilgan “Ma’naviyat va ma’rifat markazida” tashkillashtirilgan tarafdorlar Shavkat Mirziyoyevni aksariyat viloyatlarda kuzatilgani kabi “Mirziyoyev” deya hayqiriqlar va “Inson qadri” qo‘shig‘i bilan kutib olishdi.

Navoiydagi tadbirni nomzodning viloyatdagi ishonchli vakili, O‘zbekiston qahramoni Quvondiq Sanaqulov ochib berdi va olib bordi. Ishonchli vakil nomzodning viloyat rivojlanishi yo‘lidagi ishlarini, xususan kimyo va geologiya sohasidagi yutuqlarini sanab o‘tdi va shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyevga so‘z berdi.

“Assalomu alaykum aziz saylovchilar, cho‘llarni Navoiy nomi bilan bo‘stonga aylantirayotgan aziz yurtdoshlar. O‘zbekistonimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga labbay deb javob berayotgan, ertangi kunga ishonch bilan yashayotgan, uzoq-uzoq qishloqlarda ham “harakat qilsa bo‘lar ekan-ku” degan iborani ta’kidlayotgan navoiyliklar.

Bilasiz, dunyo ochilmoqda, biz ham dunyoga ochilmoqdamiz. Pandemiyada qiyin sharoitlarda ishlashga tajriba orttirdik. Mutaxassislarimiz, dori-darmonlarimiz yetarli. Endi ehtiyotkorlik xalqimizning o‘ziga bog‘liq. Chunki koronavirus hali ichimizda yuribdi.

5 yil ancha og‘ir yil bo‘ldi. Dunyo bizning harakatlarimizga ijobiy baholarini berdi, xalqimiz ham ko‘rib turibdi. Birinchi kundan boshlab mening eng katta harakatim odamlarni rozi qilish – inson qadri va yana inson qadri. Xalqimiz qo‘rquvsiz yashashi va farzandlarimiz kamolini ko‘rishi. Biz millatimiz, tilimiz, diniy qarashlarimizga qaramay bir oila bo‘lib yashaganmiz va ana shunday yashashda davom etamiz.

Prezident saylovlari oldida turibmiz, saylovchilarimiz o‘zlari tanlagan, o‘zlari xohlagan, farzandlari, o‘zining tinchligi, davlati ravnaqi uchun munosib bo‘lgan nomzodni saylashi uchun barcha imkoniyat bor. Mana shu bizning demokratik islohotlarimiz yutug‘i, bu borada bizga orqaga yo‘l yo‘q endi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev rasmiy nutqini boshlashdan oldin.

Kiritildi: 10:50 13.10.2021. O'qildi: 3876 marta. Fikrlar soni: 6 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!