Rossiya harbiy kemalari ob’ektni Suriya hukumatiga topshirish bo‘yicha kelishuvga qaramay, Suriyaning Tartus shahridagi bazaga qaytdi — Le Figaro.
Sentyabr oyi boshida Tartus portida "Admiral Levchenko" esminesi, "Sparta" moddiy-texnik ta’minot kemasi va "Akademik Pashin" ta’minot kemasi qayd etilgan. Shuningdek, "General Skobelev" tankeri ham flotiliya tarkibida bo‘lgan.
"Ozodlik radiosi" ma’lumotlariga ko‘ra, kemalar avgust oyi oxiridayoq Ispaniya qirg‘oqlari bo‘ylab janubga qarab suzib ketayotgan edi. Belgilangan manzil sifatida Misr ko‘rsatilgan, biroq Gibraltardan o‘tgandan so‘ng ular transponderlarini o‘chirib qo‘yishgan.
Keyinroq sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali Rossiya flotiliyasi Tartusda langar tashlagani va noma’lum yukni tushirgani tasdiqlandi.
Bashar Asad hokimiyati qulagandan so‘ng Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki sezilarli darajada qisqardi, ammo aftidan, Moskva mamlakatdagi o‘z pozisiyalarini saqlab qolmoqda, deya xulosa qiladi gazeta.
"Suriyaning yangi rahbariyatiga faqatgina Rossiya taklif qilishi mumkin bo‘lgan narsalar kerak edi. Suriya armiyasi foydalanadigan qurol-yaroqlar asosan Rossiyada ishlab chiqarilgan, shu sababli Damashq omborlarini to‘ldirishi zarur", deyiladi xabarda.