CAVOL: Bir kishi vafotidan keyin o‘z tana a’zosini boshqa birovga o‘tkazishni vasiyat qilganini eshitib qoldim. Shariatimizda tirik yoki vafot etgan insonning tana a’zosini boshqa birovga ko‘chirish joizmi?
JAVOB: Alloh taolo insonni jonzotlar ichida mukarram qildi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi, 70-oyat).
Demak, inson va uning a’zolari mukarram, vafot etgan kishi hukmi ham mukarramligicha qoladi. Ya’ni, vafot etgan kishining jasadini xo‘rlash yoki biror a’zosini kesib olish katta gunoh sanaladi. Shuning uchun inson a’zolarini sotish mumkin emas. O‘lgan insonning a’zolari vorislariga meros bo‘lmaydi, uning a’zolarini sota olmaydilar.
Bir inson a’zosini ikkinchi insonga ko‘chirish masalasiga kelsak, “insonga manfaat yetkazish va undan zararni daf qilish” shar’iy qoidasiga binoan quyidagi shartlar asosida bir inson a’zosini ikkinchi insonga ko‘chirish amaliyoti mumkin bo‘ladi: a’zosini hadya qiluvchi odamning a’zosi olinganda uning hayoti xavf ostida qolmasligi; o‘z a’zosini hadya qiluvchi ixtiyoriy ravishda hadya qilishi, hech kim tomonidan majbur qilinmasligi; bemorning kasalligi tibbiyot jihatidan faqat uning a’zo ko‘chirish yo‘li bilangina tuzalishi mumkin degan xulosaga kelingan bo‘lishi; a’zosini hadya qiluvchi ham va yangi a’zo qo‘yilayotgan taraf ham jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli tarzda o‘tishi va kutilgan natijaga erishilishiga ishonch hosil qilgan bo‘lishi (Robitatul Olamil Islomiy huzuridagi Islom Fiqhi Akademiyasi qarori va O‘zbekiston musulmonlar idorasining fatvosi).
CAVOL: Ayrim kishilar ikki qo‘l bilan ovqatlanayotganini ko‘rib qolamiz: chap qo‘lida non, o‘ng qo‘lida qoshiq bo‘ladi. Shu to‘g‘rimi?
JAVOB: O‘ng qo‘li bilan ovqatlanish, choy ichish sunnatdir. Non ushatish, go‘sht maydalash kabi ishlarni ikki qo‘lda bajarish mumkin. Ammo bir qo‘lda non, ikkinchisida qoshiq ushlab ovqatlanish sunnatga xilofdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Qachon birortangiz yesa, o‘ng qo‘li bilan yesin. Qachon birortangiz ichsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Chunki shayton chap qo‘li bilan yeb, chap qo‘li bilan ichadi” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
CAVOL: Bir necha yoshi ulug‘ otaxonlar namoz vaqti bel ochilib qolsa, namoz buziladi, dedi. Shu to‘g‘rimi? Bu borada to‘liqroq ma’lumot bersangiz.
JAVOB: Namoz durust bo‘lishi uchun avrat bo‘lgan a’zolar to‘silishi shart. Chunki satr avrat namozning farzlaridan biri hisoblanadi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz!” (A’rof surasi, 31-oyat).
Ulamolarimiz biror-bir avrat a’zosining to‘rtdan bir qismi bir muddat ochilib qolsa namoz buziladi, deganlar. Ayol kishining soqi (ya’ni boldiri), erkak kishining soni alohida a’zo hisoblanadi. Bir muddat miqdori esa bir marta tasbeh aytishga ketadigan vaqt miqdorichadir (“Hoshiyatut Tahtoviy”).
Ba’zi yoshlar kalta va tor ko‘ylak bilan namoz o‘qiyapti, ruku va sajdaga borganlarida avrat a’zosining to‘rtdan biri, hatto ko‘prog‘i ko‘rinib qolib, o‘qiyotgan namozlari durust bo‘lmayapti, ba’zilar esa kalta shim (shortik)da namoz o‘qimoqdalar. Shim belni yopganda tizza ochilib qolishi, tizzani yopganda esa bel ochilib qolishi tabiiy. Vaholanki, tizzaning o‘zi ham alohida avrat hisoblananadi, uning to‘rtdan biri ochilib qolishi bilan namoz buziladi. Qulay va avrat a’zolarni yopadigan keng va uzun kiyimda namoz o‘qish dinimiz talabidir.
Manba: hidoyat.uz