«Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi xodimlari tomonidan respublikamizda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanuviga qarshi kurashish yo‘nalishida navbatdagi tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi.
Joriy yilning 3 avgust kuni poytaxtimizda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yonidagi 1 dona bolalar uchun sharbat qutisi ichida taxminiy og‘irligi salkam 11 gramm bo‘lgan 20 o‘ramdagi giyohvandlik vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur narkojinoyatning ildiziga yetish maqsadida kompleksning Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar idoralari vakillarini jalb qilgan holda fuqaroning yashash xonadonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada bu yerda ham geroin, mefedron, marixuana va boshqa turdagi 3,15 kg og‘irlikdagi an’anaviy va sintetik giyohvandlik vositalari saqlanayotganligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, tezkor-qidiruv tadbiri davom ettirilib, mazkur giyohvandlik vositalarining asl egasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ham qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.