Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Shahrisabzda shifokor va hamshira bemorning umriga zomin bo‘ldi

Shahrisabzda shifokor va hamshira bemorning umriga zomin bo‘ldi

Inson issiq jon-da. Ba’zan isitma chiqadi, ba’zan boshi og‘riydi, qon bosimi oshadi. Shunday paytlar najot izlab do‘xtirxonaga yuguradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudining raisi Laziza Rasulovaga ko‘ra, 2019 yil 12 sentyabr kuni Shahrisabz tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga sog‘ligini tiklash uchun borgan 50 yoshli Xolmurod Rahimov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) shifokorlarning aybi bilan hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.

2019 yil 10 sentyabr kuni Xolmurod akaning oshqozoni og‘riy boshladi. Bu xol ikki kun davom etgach, xotini Maftuna opa erining sog‘lig‘idan xavotir olib tushga yaqin tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordi.

Qabulxonadagi navbatchi shifokor T.Norov X.Rahimovning qon bosimini o‘lchab, yurak urishini tekshirdi. Shikoyatini eshitgandan so‘ng dori yozilgan oq qog‘ozni Maftuna opaga berib, “Opa, shifoxonaning chiqish eshigi oldida “55” nomli apteka bor, shundan mana bu dorilarni olsangiz bo‘ladi” dedi. Maftuna opa shifokor yozib bergan dorilarni tezda sotib olib keltirdi.

Hamshira Dilnavoz Saidova  bemorni bo‘sh turgan xonaga olib kirib, krovatga yoting ishorasini qildi. Osma ukolga qandaydir dorilarni qo‘shib, o‘ng qo‘l bilak sohasiga, ya’ni vena qon tomiriga ulab qo‘ydi. Maftuna opa erining yonida edi. Oradan 5 daqiqalar o‘tganidan so‘ng turmush o‘rtog‘i qo‘li og‘riyotganidan shikoyat qildi. Hamshira Xolmurod akaning qon tomiri yorilib ketgani uchun vena qon tomiriga ulangan ukolni sug‘urib olib, musht qismiga uladi.

Oradan yana 5 daqiqalar o‘tdi.

Maftuna opa hamshiraga sinama qo‘yishni iltimos qildi.

- Hech narsa qilmaydi, opa, hammaga shunaqa usulda qo‘yamiz, - dedi hamshira.

Osma ukolga shpris yordamida antibiotik dori vositasini yubordi. Hamshira Maftuna opadan eriga qarab turishini aytib o‘zi chiqib ketdi.  

Oradan 3-4 daqiqalar o‘tib, Xolmurod akaning sog‘ligi battar yomonlashdi. Xotini eshik oldiga borib, hamshirani chaqirdi. Biroq hamshiralar ham, shifokorlar ham hadeganda kelavermadi. Xolmurod aka qayd qildi, mushtiga ulangan ukolni sug‘urib tashlab, o‘rnidan turib, taxminan 5-6 qadam yurganidan so‘ng, krovatni ushlab, to‘xtab qoldi. Baqir-chaqirdan palataga hamshira va shifokorlar kirib kelishdi.

Bemorning qo‘llari qaltirab, oyoqlari soviy boshladi. Unga sun’iy nafas berib ko‘rishdi. Xullas, u qilishdi, bu qilishdi, shifokorlar bemorning hayotini saqlab qolisha olmadi. Bir inson shifokorlarning aybi va mas’uliyatsizligi tufayli bevaqt hayotdan ko‘z yumdi...  

Tabiiyki, mas’uliyatsiz tibbiyot xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining 2019 yil 8 noyabrdagi xulosasida, marhum X.Rahimovning o‘limi – dori vositasining organizmga kirishi jarayonida rivojlangan nojo‘ya ta’siri natijasida yuzaga kelgan o‘tkir yurak qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan edi.

Sud, sudlanuvchi D.Saidovaaning nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan dori vositasi organizmga, xususan vena orqali sinamasiz yuborilganida, basharti bunday holatda organizmga dori vositasi nojo‘ya ta’sirini ko‘rsatsa, dori vena tomiri orqali organizm ichki muhitiga tushib, yot dori vositasining organizmga individual yoqmasligi natijasida allergik reaksiyaning og‘ir turi bo‘lgan anafilaktik shok yuzaga kelishini bilgani sababli o‘sha vaqtda X.Rahimovga seftriakson dori vositasini bilak sohasiga sinama uchun 0,01 gramm miqdorda yuborgani, qolgan qismini yubormagani haqidagi vajlarini javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida o‘ylab topilgan deb hisoblab, marhumning qonuniy vakili va guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan rad qilishni lozim topdi.

Sud, sudlanuvchi T.Norovga nisbatan jazo turi va me’yorini belgilashda, qilmishiga iqror va pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar yo‘q deb hisoblab, shaxsini, muqaddam sudlanmaganini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganini, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararlar qoplanganini inobatga olib, qonun sanksiyasi doirasida ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni hamda bevosita xizmat faoliyati bilan bog‘liq holda jinoyat sodir etgani sababli JK 45-moddasiga asosan tibbiy stasionar davolash muassasalarida ishlash huquqidan mahrum qilish tarzidagi qo‘shimcha jazo tayinlashni, sudlanuvchi D.Saidovaga nisbatan jazo turi va me’yorini belgilashda, qilmishiga iqror va pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, xuddi shunday JK 45-moddasiga asosan tibbiy stasionar davolash muassasalarida ishlash huquqidan mahrum qilish tarzidagi qo‘shimcha jazo tayinlashni lozim topdi.

Marhumning qonuniy vakili M.Rahimovaning T.Norovga nisbatan da’vosi yo‘qligini, D.Saidova tomonidan marhumning vakiliga yetkazilgan zarar uchun 35.000.000 so‘m qoplanganini inobatga oldi. Qolgan zararlar bo‘yicha fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Sud T.Norovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 116-moddasining 3-qismi bilan JK 45-moddasini qo‘llab, 1 yil muddatga tibbiy stasionar davolash muassasalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.Sutkaning kech soat 23:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi cheklandi.

D. Saidovaga ham xuddi shunday jazo tayinlab, uning zimmasiga nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash yoki ish joyini o‘zgartirmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar qo‘ydi.

Vaqt o‘tar, sudlanuvchilar jazo muddatini ham o‘tab chiqadi, ammo mas’uliyatsizlik qurboni bo‘lgan bir inson hayotga qaytmaydi. Agar tibbiyot xodimlari o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondoshganida bemor X.Rahimov tirik, bir ayol beva, farzandlar yetim qolmagan bo‘lardi...

Kiritildi: 17:25 28.10.2020. O'qildi: 6417 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!