Bugun 19 may, 2025 yil, dushanba

КИР

Sevimli onaning qizi bilan suhbati

A A A
Sevimli onaning qizi bilan suhbati

Hazrati Oisha roziyallohu anho bilan Fotima roziyallohu anho tez-tez o‘tirib gaplashib, o‘zaro kulishib turar edilar. Bir kuni Fotima roziyallohu anho Oisha roziyallohu anho oldilarida kulimsirab turgan edilar. Oisha roziyallohu anho: «Nima gap?» dedilar. Fotima roziyallohu anho: «Dilimga bir gap keldi», dedilar. Oisha roziyallohu anho: «Nima gap?» dedilar. Fotima onamiz: «Siz Abu Bakr roziyallohu anhuning qizi bo‘lsangiz, men Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamning qizlariman», dedilar. Bu gapni eshitgan Oisha onamiz bir oz bezovta bo‘lib, Payg‘ambarimizni ta’riflashga kirishdilar. Ey Fotima, Muhammad sollallohu alayhi va sallam sababli bizga iymon nasib qildi, u kishi sababli Qur’on bizga nasib bo‘ldi, u kishi orqali Alloh taoloni tanidik, u kishi sababli Islom bizga keldi deb, Payg‘ambarimizga juda ko‘p va chiroyli ta’riflar berib:«Fotima mening xayolimga ham bir gap keldi», dedilar. Fotima onamiz: «Nima gap?» deb so‘radilar. Oisha roziyallohu anho dedilar: «Ey Fotima, sizning rafiqingiz Ali Murtazo bo‘lsa, mening rafiqim Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamdirlar». Bu so‘zlarni eshitgan Fotima onamiz jim bo‘lib qoldilar. Oisha onamiz: «Fotima, mening xayolimga yana bir gap keldi», dedilar. Fotima onamiz: «Nima gap?» dedilar. Oisha onamiz: «Ey Fotima, qiyomat kuni har bir inson juft-jufti bilan yurganida, sizning qo‘lingiz Ali murtazo qo‘lida, mening qo‘lim esa Muhammad sollallohu alayhi va sallam qo‘llarida bo‘ladi», dedilar. Davraga bir oz sukunat tushgach yana Oisha onamiz: «Fotima, mening xayolimga bir gap keldi», dedilar. Fotima onamiz: «Nima gap?» deb so‘radilar. Oisha onamiz:«Ey Fotima, siz jannatda jannatiy ayollarning sardori sifatida bir taxtda bo‘lasiz. Sizni yoningizda Ali roziyallohu anhu bo‘ladi. Men ham bir taxtda bo‘laman. Lekin mening yonimda Rasululloh bo‘ladilar», dedilar.

Alloh taolo Oisha onamizga shunchalar fahm-farosat bergandiki, o‘zlari ham bu haqda bot-bot ta’kidlar edilar. Oisha onamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga tekkan yagona bokira ayol bo‘lganlar. U zot yoshlikdan Payg‘ambarimiz nazoratlarida o‘sdilar va u kishining xizmatlarida qoim bo‘ldilar. U kishi balog‘atga yetganlaridan keyin ilk nazarlari Nabiy sollallohu alayhi va sallamga tushgan. Payg‘ambarimizning boshqa olgan ayollari yo tul, yo taloq qilingan bo‘lganlar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam Badr kunidan bir kun oldin kechasi bir narsa qidirib yurgan edilar. Oisha onamiz: «Ey Allohning mahbubi! Nima izlayapsiz?» deb so‘radilar. Rasululloh: «Islom bayrog‘i uchun bir mato izlamoqdaman», dedilar. Shunda Oisha onamiz o‘zlarining usti qora yo‘l-yo‘l, osti oq bir yopinchiqlarini olib chiqib berdilar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam Oisha onamizning shu matolarini Islom bayrog‘iga aylantirdilar. Oisha onamiz bundan faxrlanib, aytib yurar edilar.

Oisha onamizga berilgan yana bir in’omlardan biri, Alloh taolo salomini Jabroil alayhissalom tomonidan qabul qilib olishlari bo‘lgan. Yana shunday ikromlar sirasiga Oisha onamizning Qur’oni Karimda baroatlari zikr qilinishidir. U kishi buni ham juda ko‘p eslab aytardilar: «Yusuf alayhissalomga ham, Maryam onamizga ham menga qilingan tuhmat bo‘lgan. Ularning ma’sumligiga Alloh taolo bir chaqaloqni guvoh qilib gapirtirgan. Lekin mening ma’sumligimni O‘zining kalomi Qur’on bilan sobit qilgan». Bu haqda Nur surasining 16-oyati nozil qilingan. Yana bir ulug‘ ne’matlardan biri Nabiy sollallohu alayhi va sallam o‘lim to‘shagida yotganlarida Oisha onamiz uylarida bo‘lganlar. U Zot bu dunyodan abadiy dunyoga rihlat qilayotganlarida boshlari Oisha onamiz ko‘ksilarida bo‘lgan. Bu haqda Oisha onamiz juda ko‘p gapirar edilar. Bu inson qanday ham ulug‘ nasiba egasi-ya!

Ikki kishining ko‘ksi Nabiy sollallohu alayhi va sallam boshlariga izzat baxsh etib, siddiq maqomiga ega bo‘ldi. Ulardan biri Rasulullohning rafiqalari, musulmonlar onasi Oisha roziyallohu anho. U kishi Payg‘ambarimiz vafot etayotganlarida o‘z ko‘ksilarini Nabiy sollallohu alayhi va sallam boshlariga baxsh etib ikrom ko‘rsatdilar va Alloh taolo u kishiga siddiqa nomini berdi. Ikkinchilari Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bo‘lib, g‘orda Nabiy sollallohu alayhi va sallamning boshlariga ko‘ksilarini baxsh qilib, siddiq nomiga ega bo‘lganlar.

Oisha siddiqa roziyallohu anhoga berilgan shunday buyuk ehtiromlar haqida ba’zi-ba’zida savol paydo bo‘ladi. Ey Ummul mo‘minin, Nabiy alayhissalomning munavvar yuzlari sizning ko‘z oldingizda edi. Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning yuzlari Qur’on kabi edi. Siz bir qori ayol sifatida o‘tirib, ushbu Qur’ondan tilovat qilayotgan edingiz. Shu mahal Nabiy sollallohu alayhi va sallam vafot etdilar. Oisha onamiz o‘zlariga nasib qilgan yana bir buyuk ne’matlar sifatida Nabiy sollallohu alayhi va sallam u kishining ko‘ksilarida bu olamdan rihlat qilganlarini hisoblar edilar. Qiyomat kuni o‘sha ko‘ksidan boshlarini ko‘tarib, ummatlarini shafoat qiladilar. Alloh taolo Oisha onamizga ko‘plab ulug‘-ulug‘ ne’matlarni in’om qilgan. Ko‘plab bizgacha yetib kelgan hadislarning rivoyati ham Oisha onamizga tegishlidir. U kishining ilmiy martaba va ilmiy maqomlari juda katta bo‘lgan.

Mavlono Zulfiqor Sohib Naqshbandiy

Abdumannon Ja’far tarjimasi

Azon.uz

Kiritildi: 11:08 31.10.2018. O'qildi: 8733 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!