O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon o‘ziga xos qo‘shiqlari, uslubi, ayniqsa, etno, jaz yo‘nalishidagi taronalari bilan ko‘p yillardan beri muxlislari e’tiborini qozonib kelmoqda. Uning qo‘shiqlari sokin, falsafiy, chuqur ma’noga egaligi tufayli dillarga yetib boradi. Bunga yana bir sabab xonanda o‘z qo‘shiqlari uchun she’r tanlashda juda e’tiborli. Ya’ni she’riyat olamining professional vakillari bilan hamkorlik qiladi.
2018 yil O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xotira tadbirida Sevara Nazarxon Karimovlar oilasining eng sevimli xonandalaridan biri ekani oshkor qilingan edi.
Islom Karimov Prezidentlik davrida garchi ko‘plab xonandalar davlat tadbirlarining final qo‘shiqlarini kuylab kelgan. O‘zbekiston xalq artistlari Yulduz Usmonova, Zulayho Boyxonova, Gulsanam Mamazoitova, Ozodbek Nazarbekov shular jumlasidan. Biroq, marhum Islom Karimov va uning rafiqasi Tatyana Karimova, qolaversa, qizlar Lola Karimova-Tillyayeva Sevara Nazarxonning ijodi ixlosmandi bo‘lishgan.
Kuni kecha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxonning yangi musiqiy albomi taqdimoti oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida xonandaning Karimovlar oilasi bilan munosabati haqida so‘radik. U javob tariqasida haqiqatan ham bu oilaning tadbirlarida, marosimlarida ishtirok etgani va hali hamon munosabatlari iliqligini aytib o‘tdi. Lekin bu munosabatlar qay holatda bo‘lganligini sir saqlashni istadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2013 yilning dekabrigacha, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning ishlari bilan bog‘liq muammolar boshlangunga qadar Sevara Nazarxon sahnadan uzoqlashtirilgan edi. Uning qo‘shiqlari radio va televideniyeda berilishiga norasmiy taqiq mavjud bo‘lgan. U surunkali taqiqdan keyin ilk bor 2013 yil Xalqlar do‘stligi san’at saroyida o‘tkazilgan E’tirof taqdirlash marosimida chiqish qilgan. Manbalar uning Gulnora Karimova bilan bir vaqtlar qalin bo‘lgani, keyinroq munosabatlarga darz ketgani, shu bois taqiqlar ostida qolganini aytadi.